Qimmatbaho metallardan tayyorlangan buyumlar qaytarilmaydi va almashtirilmaydi, biroq …

Qimmatbaho metallardan tayyorlangan buyumlar qaytarilmaydi va almashtirilmaydi, biroq …

Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning «Obod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi S.N.ning o‘g‘li tomonidan Farg‘ona shahridagi zargarlik do‘konidan 1 822 000 so‘mga xarid qilinib, unga sovg‘a qilingan tillo uzukning o‘lchami mos kelmagani, sotuvchi tovarni qaytarib olmayotganligi xususidagi murojaati o‘rganilib, o‘rganish yakunlari bilan masalani iste’molchi foydasiga hal bo‘lishiga, tovar uchun to‘langan pulni iste’molchiga qaytarilishiga erishildi. Shunday bo‘lsada, shu o‘rinda, qonunchilikning quyidagi tomonlariga to‘xtalib o‘tib, oldi-sotdi amaliyotlarining har ikki tomoni uchun ham foydali bo‘lgan jihatlarini ularga yana bir bor eslatib o‘tishni joiz deb bilamiz.

Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasida belgilab berilgan vakolatlaridan kelib chiqqan holda Hukumatimiz tomonidan «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari» tasdiqlangan bo‘lib, qoidalar bilan yuqoridagi qonunning 18-moddasidagi iste’molchining har qanday maqbul sifatdagi nooziq-ovqat tovarini 10 kun muddat ichida sotuvchidan almashtirib olish huquqidan va mazkur toifaga tushmaydigan tovarlar ro‘yxati Hukumat tomonidan tasdiqlanishi haqidagi normalardan kelib chiqilib, shuningdek boshqa mamlakatlar tajribasi, sanitariya-gigiena talablari, mantiqiy yondashuv va boshqa omillarni hisobga olgan holda, qaytarib olinmaydigan va almashtirilmaydigan tovarlar ro‘yxati tasdiqlangan. Ushbu ro‘yxatga 12 ta yo‘nalish bo‘yicha bir qator tovarlar kiritilgan bo‘lib, ular qatorida qimmatbaho metallardan tayyorlangan buyumlar ham bor. Demak, bu kabi tovarlarni xarid qilishda iste’molchilardan biroz hushyorlik talab qilinadi!

Shuning bilan birgalikda, iste’molchi huquqining ustivorligidan hamda nomi zikr etilgan qonunning 5 va 6-moddalari talablaridan kelib chiqilib, yuqoridagi ro‘yxatga kiritilgan tovarlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi sotuvchi oldi-sotdi jarayonida xaridor (iste’molchi)ni bu haqda ogohlantirishi, unga qoidalarning tegishli qismlari bo‘yicha zaruriy tushuntirishlarni berishi, iste’molchilar tanishishi uchun qulay joylarga Qoidalarning o‘z faoliyatiga tegishli qismlaridan ko‘chirmalarni joylashtirishi lozim. Aks holda, sotuvchi qonunning 7-moddasidagi normalardan, ya’ni iste’molchiga noto‘g‘ri ma’lumot yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilishi vaji hamda qonun sotib olingan tovar (ish, xizmat)ning xossalari va jihatlari haqida iste’molchi maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanishidan kelib chiqib, qaytarilmaydigan va almashtirilmaydigan tovarlar bilan bog‘liq holatda yuzaga kelgan nizolarda yutqazib qo‘yishi mumkin.

O‘rganish ishlari o‘tkazilgan murojaat bilan bog‘liq holatda ham voqealar xuddi shunday tarzda kechgan. Sotuvchi tomonidan xaridorga savdo qoidalari, shuningdek o‘zi realizasiya qilayotgan tovar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot, shuning bilan birgalikda Qoidalarda nazarda tutilgan tartibda tushuntirish va ogohlantirishlar berilmagani sababli iste’molchi maqbul sifatda bo‘lgan tovarni qandaydir iste’mol xossalari mos kelmagani vaji bilan almashtirishga qaytarib olib kelgan va o‘rtada nizoli holat kelib chiqqan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, jamiyat mutaxassislari tomonidan qonunchilik talablari yuzasidan berilgan tushuntirishlar va ishni qonuniy hal qilish yuzasidan olib borilgan muzokaralar bilan esa masala iste’molchi foydasiga hal etildi.

Nigora Usmonova,
shahar jamiyati mutaxassisi.

Post Comment