Nuqsonli trenajer almashtirildi

Nuqsonli trenajer almashtirildi

Bag‘dod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Muqimiy» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Ch.A.ning shartnoma qiymati 13 799 000 so‘m bo‘lgan trenajer (yugurish yo‘lagi) narxini bo‘lib shartlarida xarid qilgani va ushbu texnikadan hech qancha foydalanmasidan nuqsonlari aniqlangani, sotuvchi tomonidan uning nuqsonli tovarni almashtirish to‘g‘risidagi talablari bajarilmayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.

Iste’molchiga ko‘ra, u yugurish yo‘lagini joriy yilning fevral oyida tumandagi «Ishonch» kredit savdo do‘konidan xarid qilgan. Foydalanishining birinchi haftasidayoq trenajerda qizib ketish va to‘xtab-to‘xtab ishlash holatlari kuzatilgach, sotuvchiga murojaat qilganidan so‘ng yuborilgan servis ustasi uning akkumulyator qismida nuqson borligini va almashtirish kerakligini aytib ketadi. Nuqsonli qismni almashtirib berish ishlari cho‘zilavergach, tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, shartnoma taraflarining majburiyatlari ijrosi unda ko‘rsatilgan muddatlar ichida, lekin qonunchilik normalarida belgilangan muddatlardan ko‘p bo‘lmagan vaqt doirasida ta’minlanishi lozim. Shartnoma shartlarini o‘z vaqtida bajarmaslik uning taraflaridan biriga nafaqat penya (neustoyka) kabi moliyaviy sanksiyalarni keltirib chiqarishi, balki ushbu shartlarni bajarmagan tarafning imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek qonunchilikda belgilangan huquqiy oqibatlarni ham keltirib chiqarishi mumkin.

Murojaatni o‘rganish davomida sotuvchiga qonunchilik targ‘iboti olib borilishi hamda yuqoridagi holatlar yuzasidan qo‘shimcha tushuntirishlar berilishi bilan nuqsonli ekanligi da’vo qilingan trenajer boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib berilib, iste’molchi muammosi bartaraf etilishiga erishildi.

Dilorom Mirzayeva,
tuman jamiyati mutaxassisi.

Post Comment