Farg‘onada “Men yosh iste’molchiman” respublika insholar ko‘rik-tanlovining birinchi bosqichlari yakuniga yetmoqda
Farg‘ona viloyati hududidagi ta’lim muassasalarida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tashabbusi bilan “Men yosh iste’molchiman” 3-bosqichli respublika ko‘rik-tanlovining tuman (shahar) bosqichlari bo‘lib o‘tayotganligi, unda mazkur hududlardagi maktablarning 9-10 sinflarida ta’lim olayotgan iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etayotganligi, tanlovning asosiy maqsadi yoshlarning iste’mol madaniyati va huquqiy savodxonligini oshirish, ular o‘rtasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga doir qonun hujjatlari targ‘ibotini tizimli olib borishga qaratilganligi haqida xabarlar berib o‘tgandik.
Shu kunga qadar viloyatning ayrim hududlarida tanlovning 1-bosqichi muvaffaqiyatli tarzda o‘tkazildi. Jumladan:
Yozyovon tumani
Tumanda tanlov hududdagi maktablarning unda ishtirok etish istagida bo‘lgan o‘quvchilarini bir joyga to‘plagan holda o‘tkazilib, uning yakuniy qismida tuman hokimligidan ham vakillar ishtirok etib tanlov g‘oliblarini qutladilar. Tanlov yakunlariga ko‘ra, 1-o‘rinni 36-maktab o‘quvchisi Asadullaeva Mashxuraxon, 2-o‘rinni 16-maktab o‘quvchisi Sheralieva Farzonaxon, 3-o‘rinni 40-maktab o‘quvchisi Abduvohidova Mushtariyxon egallab, viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar.
Toshloq tumani
Tumanda ko‘rik-tanlov ham hududdagi barcha maktablardan iqtidorli o‘quvchilarni bir joyga jamlagan holda o‘tkazilib, o‘quvchilar tomonidan yozilgan insholar tanlov baholash komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilgach, g‘oliblar aniqlandi. Uning yakunlariga ko‘ra, 1-o‘ringa 4-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Sarvinozxon Toshpo‘latova, 2-o‘ringa 21-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Kamolaxon Abdubannobova, 3-o‘ringa esa 8-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Durdonaxon Abdumalikovalar tomonidan yozilgan insholar loyiq ko‘rildi. Tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimlari ular o‘qiydigan maktablarga tashrif buyurgan holda o‘tkazildi.
Qo‘shtepa tumani
Qo‘shtepada o‘tkazilgan tanlovda nafaqat unda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga sovg‘alar, balki unda ishtirok etgan barcha o‘quvchilar hamda ularning ustozlariga ham kitoblar sovg‘a qilinganligi bilan esda qoldi. Hududlardagi maktablardan ishtirok etish istagida bo‘lgan o‘quvchilarni bir joyga to‘plab o‘tkazilgan tanlov yakunlariga ko‘ra 3 nafar g‘oliblarning nomlari aniqlanib, ular tomonidan yozilgan insholar viloyat bosqichida ishtirok etish uchun yo‘naltirildi.
Tanlovning tuman (shahar) bosqichlari joriy yilning 25-martiga qadar davom etadi. 26-31 mart kunlarida esa respublika bo‘ylab ko‘rik-tanlov viloyat bosqichlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Post Comment