Onlayn savdodan xarid qilingan telefon nuqsonli chiqqanligi sababli shartnoma bekor qilindi
Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Tog‘liq» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M.S.ning 1 200 000 so‘mga sotib olgan uyali telefon apparati nuqsonli chiqqanligi sababli shartnomani bekor qilib pulini qaytarib olishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan og‘zaki murojaati o‘rganildi.
Murojaatni o‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi Spark 20 Pro rusumli smartfonni «Uzum market» onlayn savdo platformasiga buyurtma qilib, 24.01.2025 yil kuni qo‘liga olgan va shu kunni o‘zida sim karta solib ishlatib ko‘rmoqchi bo‘lganida mobil qurilma ishlamagan. Ertasi kuni onlayn savdo platformaning tumandagi tovarlarni qabul qilish-tarqatish shoxobchasiga kelib ushbu masalada murojaat qilganida, telefonni diagnostika qilib ko‘rish kerakligi aytilib olib qolinadi va 20 kundan keyin kelishi aytiladi. Kelishilgan paytda yana kelgan iste’molchi telefonni ishlamayotganligini ko‘rib, shartnoma bekor qilinishini va puli qaytarilishini so‘raganida u yerdagilardan jo‘yali javob ololmagach telefonni yana qoldirib ketgan.
Murojaatni o‘rganish davomida shoxobcha mas’ullari bilan uchrashilib, iste’molchi murojaatida keltirilgan vajlar va yuzaga kelgan holatda uning huquqlarini ifoda etuvchi talabnoma xat kiritildi. O‘rganish ishlar esa masalani iste’molchi foydasiga hal etilishi, shartnoma bekor qilinib, unga 1 200 000 so‘m puli qaytarilishi bilan yakun topdi.
Xusnidaxon Yakubova,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Post Comment