Energiya resurslariga noqonuniy ulanishlar / mutaxassisning ham qo‘li bo‘lishi mumkin…

Energiya resurslariga noqonuniy ulanishlar / mutaxassisning ham qo‘li bo‘lishi mumkin…

Bugungi kunda energetika vazirligi tizimidagi elektr, issiqlik, gaz ta’minoti tashkilotlarining, jumladan, ularning hududlardagi idoralarining internetda rasmiy saytlari va ijtimoiy tarmoq hamda messenjerlarda alohida kanal va sahifalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ushbu rasmiy sahifalar orqali bot-bot aholi yoki xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanib olish va buning natijasida energetika tizimi tashkilotlariga katta miqdorda moddiy zarar yetkazilgan holatlar haqida xabarlar berib boriladi. O‘quvchida ushbu mazmundagi xabarlar bilan yuqoridagi rasmiy sahifa va kanallarda tanishish imkoniyati bo‘lgani sababli, ulardan misollar keltirishni joiz, deb bilmadik.

Lekin tarqatilgan xabarlarning mazmuniga e’tibor qaratilsa, ularda fuqaro o‘ziga tegishli savdo do‘koni elektr hisoblagichidan tashqari tarmoqqa ulanib olgani, yana birida ayrim iste’molchilarda elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanishlar aniqlanayotgani, qaysidir fermer ho‘jaligi rahbari umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani, tabiiy gazdan o‘g‘rincha foydalangan issiqxona, issiqxonada gaz hisoblagichidan tashqari foydalanish kabi yo‘nalishdagi huquqbuzarliklar fosh qilingani haqida xabarlarga ko‘zingiz tushadi.

Javobgarlik bor. Ammo…

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 101-moddasi “Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish” deb nomlanib, unda umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki ulardan foydalanish qoidalarini boshqacha tarzda buzish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gazni hisobga olish asboblariga, shu jumladan, ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoki bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish mazkur huquqbuzarliklarni sodir etgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yigirma baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘lishi bo‘yicha norma belgilangan.

Shuningdek, yuqoridagi huquqbuzarlik Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘irlik) bilan ham malakalanishi ma’lum.
Demak, yuqoridagi holatda o‘z xonadoniga elektr, issiqlik, gaz tarmoqlarini o‘zboshimchalik bilan ulab olib, undan noqonuniy foydalanib kelgan fuqaro, mansabdor shaxs jarimaga tortilishi, ikkinchi holatda esa jinoiy javobgarlikka tortilishi nazarda tutiladi.

Endi shu o‘rinda savol tug‘iladi, fuqaro (yoki mansabdor shaxs) alohida malaka talab etadigan ish, ya’ni yuqoridagi tarmoqlarga ulanib olishni o‘z kuchi bilan amalga oshira oladimi? Agar u o‘zi elektr ta’minoti sohasidagi mutaxassis bo‘lsa, yoki gaz ta’minoti sohasida mutaxassis bo‘lib, chilangarlik sohasining ham ustasi bo‘lsa, tarmoqqa ulanib olish ishlarini amalga oshira olar, lekin qolgan aksariyat holatlardachi? Qolgan holatlarda u, albatta, bu ishni amalga oshirish uchun sohaning mutaxassisi (yoki mutaxassislarini) jalb qiladi. Kamiga bu ish muayyan mablag‘ evaziga amalga oshirilib, korrupsion holatlar ham yuzaga keladi. Agar mutaxassis yordami bo‘lmasa, fuqaro aytaylik, elektr tarmog‘iga ulanish uchun kerakli bo‘lgan materiallar (kabel va b.)ni xarid qilib, xonadoniga keltirib qo‘yishdan nariga o‘tolmaydi.

Taklif

Savol tug‘iladi. Nega endi noqonuniy ulanish holatlari uchun fuqaroning o‘zi javobgar bo‘lishi kerak. Unga amaliy yordamini ko‘rsatgan mutaxassis (mutaxassislar) yoki shu ishni amalga oshirish bo‘yicha bilim, malaka va ko‘nikmaga ega bo‘lgan malakali shaxs (shaxslar) qaerda qoldi? Qilgan ishi uchun tegishli javobini olmagan mutaxassis (mutaxassislar) yoki malakali shaxs (shaxslar) ertaga bu ishni boshqa xonadon (mahalla)larda ham davom ettirishi mumkinku.

Albatta, bu bilan noqonuniy ulanib olish tashabbusini ko‘rsatgan fuqaro javobgarlikdan qochib qolishi kerak, demoqchi emasmiz, lekin mutaxassis bo‘lmasa u tarmoqqa ulana olmas edi-ku.
Shunday ekan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qodeksning 101-moddasidagi elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish qismidagi sanksiyani fuqarolar (xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar)ning zimmasidan chiqarib, ushbu sanksiyani 101-moddaning alohida qismi sifatida ajratib olib, mazkur tarmoqlarga ulanishni amalga oshirgan yoki yordamini ko‘rsatgan malakali shaxs (mutaxassis)ga:

bazaviy hisoblash miqdorining …. baravaridan …… baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ….. baravaridan …. baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi, tarzida bayon qilish, bunda, fuqaroga (xo‘jalik yurituvchi sub’ektga) nisbatan mazkur ishlarni amalga oshirgan yoki yordam ko‘rsatgan malakali shaxs (mutaxassis)ni ixtiyoriy ravishda ma’lum qilgan hollarda, unga nisbatan javobgarlik choralari yengillashtirilishi (yoki javobgarlikdan ozod qilinishi) nazarda tutilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

101-moddaning qolgan ulardan foydalanish qoidalarini boshqacha tarzda buzish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gazni hisobga olish asboblariga, shu jumladan, ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoki bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish qismlarini o‘zgarishsiz (fuqarolar, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar zimmasida) qoldirish mumkin.

Mutaxassis (mutaxassislar) yoki malakali shaxs (shaxslar) noqonuniy ulanish uchun birinchi navbatda va asosan o‘zi (o‘zlari) javobgar bo‘lishini bilganidan so‘ng esa noqonuniy ulanish ishiga bosh qo‘shishdan o‘zini (o‘zlarini) tiyishiga, bu bilan ushbu yo‘nalishdagi huquqbuzarliklar bir qadar kamayishiga yoki ideal holatda umuman barham topishiga umid bildirish mumkin.

G‘ayrat MAMATQULOV,
hududiy birlashma sektor boshlig‘i.

*Foto sun’iy intellekt yordamida generatsiya qilingan

Post Comment