Dmitriy Yaninning Farg`onaga tashrifi davom etmoqda
Аvval xabar berib o`tganimizdek, Xalqaro isteʼmolchilar jamiyatlari konfederatsiyasi (KonfOP) boshqaruvi raisi Dmitriy Yanin “Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari isteʼmolchilari forumi” doirasida tashrif bilan Farg`ona viloyatida bo`lib turibdi. Tashrif davomida unga O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov hamrohlik qilmoqda.
Safarning ikkinchi kunida Konfederatsiya rahbari O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining Farg`ona, Bag`dod, Rishton va Oltiariq tuman jamiyatlari faoliyatlari bilan tanishdi. Аyniqsa, Federatsiya tashabbusi bilan mazkur tumanlarda “Isteʼmolchi kutubxonasi” va “Isteʼmolchilar uyi” loyihalari doirasida qurib ishga tushirilgan bino va inshootlar mehmonda katta taassurot qoldirdi. U tuman jamiyatlarida mehnat faoliyati olib borayotgan xodimlar bilan suhbat jarayonida ularni qiziqtirgan savollarga ham javoblar qaytardi. Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish, ularning huquqiy bilimi va isteʼmol madaniyatini oshirish borasida KonfOPga aʼzo tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, erishilayotgan yutuqlar va sohaga yangicha yondashuvlar yuzasidan maʼlumotlar berib o`tib, sohadagi ayrim muammolarni hal qilishda o`z ish tajribasi bilan o`rtoqlashdi.
Federatsiyaning joylardagi hududiy organlari faoliyati bilan yaqindan tanishish jarayonida mehmonga hududning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, turizmni yanada rivojlantirish borasidagi imkoniyatlar namoyish etildi, bu boradagi dasturlarni amalga oshirishda Federatsiya va uning hududiy organlarining tutadigan o`rni va roli xususida istiqboldagi rejalar o`rtoqlashildi.
Tashrif yakunlariga ko`ra, xalqaro tashkilot rahbari Farg`ona viloyatida mavjud imkoniyatlardan foydalanish borasida olib borilayotgan ishlarni to`g`ri yo`lga qo`yilganligini eʼtirof etdi.
Hududiy birlashma Matbuot xizmati
Post Comment