Shartnomadagi majburiyatlar faqat iste’molchi uchunmi?

Shartnomadagi majburiyatlar faqat iste’molchi uchunmi?

Joriy yilning o`tgan davri mobaynida Yozyovon tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga isteʼmolchilardan kelib tushgan murojaatlarning ayrimlari bilan sizlarni tanishtirishda davom etamiz. So`zimiz boshida isteʼmolchi huquqining ustivorligini, qonunchilikning mazkur normasi butun dunyoda tan olinganligini, shuningdek ushbu norma mamlakatimiz Konstitutsiyasining 53-moddasida ham o`z aksini topganligini taʼkidlab o`tishimiz kerak.

Guliston mahallasida yashovchi Sh. J.ning (quyida barcha fuqarolar, sotuvchi va xizmat ko`rsatuvchilarning ism-shariflari qisqartirilib, ism-shariflarning bosh harflari keltirilgan) yozma murojaati maishiy xizmatlarni ko`rsatuvchining xizmatlari sifatidan norozilik mazmunida bo`lgan. U yakka tartibdagi tadbirkor E.X.N. tomonidan televizoriga o`rnatib berilgan ehtiyot qismining sifatsiz chiqqanligini maʼlum qilib, tuman jamiyatidan ushbu masalada amaliy yordam ko`rsatilishini so`ragan.

Murojaatni o`rganish maqsadida ustaga uchrashilganda, u haqiqatda ham isteʼmolchining televizoridagi nuqsonlarni bartaraf etish masalasida kelganligini, uning tomonidan televizorga ehtiyot qismi o`rnatib berilganligi, jami bo`lib ko`rsatilgan xizmatlar uchun 160 000 (bir yuz oltmish ming) so`m pul olganligini maʼlum qildi. “Televizorga o`rnatib bergan ehtiyot qismingiz sifatsiz chiqqanligi sababli, isteʼmolchi oradan 3 kun o`tib yana oldingizga kelgan ekan. Nega yana yangitdan ehtiyot qism qo`yish uchun mijozdan 150 000 (bir yuz ellik ming) so`m pul soʼradingiz”, – degan savolimizga ustaning javobi, to`g`risi, ensamizni qotirdi. Ustani aytishicha, u bajarilgan ishiga (yaʼni ehtiyot qismni joyiga o`rnatishga, payvandlab qo`yishning sifatiga – izox bizniki) kafolat berarmishu, lekin ehtiyot qismga kafolat bermas ekan.

“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonunning 19-moddasiga ko`ra, agar ijrochi ishlarni bajarishda nuqsonlarga yo`l qo`ygan bo`lsa, isteʼmolchi ishning takroran bajarilishini yoki shartnomani bekor qilib ko`rilgan zarar to`liq qoplanishini talab qilishga haqli. Tuman jamiyati mutaxassislari ustaxona xodimiga amaldagi qonun bo`yicha xizmat ko`rsatuvchi (ish bajaruvchi)ning majburiyatlari, mazkur majburiyatlarni bajarmaslik orqasidan kelib chiquvchi huquqiy oqibatlar to`g`risida tushuntirishlar berganlaridan so`ng, u 160 000 soʼm pulni isteʼmolchiga qaytardi.

Yangiobod mahallasida yashovchi U. G`. Yozyovon shaharchasida ko`chma savdo faoliyatini amalga oshirayotgan yakka tartibdagi tadbirkor I.M.J. dan o`zi uchun ayollar ko`ylagini 85 000 (sakson besh ming) so`mga sotib olgan. Lekin uyiga borib sinchiklab ko`rish jarayonida qizi va boshqa yaqinlari unga ko`ylak sotuvchi tomonidan tarifi keltirilgan materialdan emas, balki sifatsizroq materialdan tikilganligini aytishgach, ertasi kuni u sotuvchi huzuriga qaytib kelib, ko`ylakni almashtirishni so`ragan. Biroq sotuvchi sotilgan tovarlar qaytarib olinmasligini aytib, almashtirib berishni ham, ko`ylakni pulini qaytarishni ham rad qilgan.

Аmaldagi qonunning 7-moddasiga ko`ra, agar tovar haqida noto`g`ri maʼlumot berilgan va buning natijasida zarur isteʼmol xossalariga ega bo`lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo`lsa, isteʼmolchi shartnomani bekor qilishga va o`ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir. Isteʼmolchining tovar haqidagi noto`g`ri maʼlumot tufayli yetkazilgan zararni qoplash to`g`risidagi talablari sotib olingan tovarning xossalari va jihatlari haqida isteʼmolchi maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanib qarab chiqiladi. Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan qonunning mazkur talabi sotuvchiga tushuntirilgach, u isteʼmolchi bilan ko`ylakni boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib berilishi bo`yicha kelishuvga erishdi.

Guliston mahallasida yashovchi X.M. bilan esa qiziq voqea sodir bo`lgan. U xo`jalik mollari va uy-ro`zg`or buyumlarini ijaraga berish faoliyati bilan shug`ullanib kelayotgan yakka tartibdagi tadbirkor S.Sh.Z. dan uyida o`tkaziladigan marosim uchun turli idish-tovoqlarni 140 000 (bir yuz qirq ming) so`mga ijaraga olgan. Lekin isteʼmolchi marosimni o`tkazib, idish-tovoqlarni qaytarib topshirishga olib kelgach, tadbirkor ularga turli darajada zarar yetkazilgan (singan, ko`chgan, darz ketgan, yo`qolgan) degan vajlar bilan yana 200 000 (ikki yuz ming) so`m qo`shimcha to`lov qilasiz, deb turib olgan. Isteʼmolchi mazkur masalada amaliy yordam ko`rsatilishini so`rab tuman jamiyatiga murojaat qilishga majbur bo`lgan.

Murojaatni o`rganish vaqtida ijaraga berish uchun ajratilgan xo`jalik buyumlari (isteʼmolchiga ijaraga berilganlaridan ham tashqarilari) ko`zdan kechirilganda, ularning aksariyati yuqorida tadbirkor tomonidan daʼvo qilingan nuqsonlarga (idishlarda ko`chgan, choynaklarda uchgan joylari) shundoq ham egaligi kuzatildi. Bundan esa, tadbirkor tomonidan isteʼmolchiga oldindan nuqsonlarga ega bo`lgan idish tovoqlar ijaraga berilgan, degan xulosaga kelindi. Lekin isteʼmolchi o`zi tomonidan qabul qilib olingan idishlardan 3 tasi yo`qolganligini tan olishini bildirib, uning pulini to`lab berishini bo`yniga oldi. O`rganish natijalari bilan tomonlar o`rtasidagi idish-tovoqlarni ijaraga berish bo`yicha og`zaki shartnoma bo`yicha to`lov, oldindan kelishilganidek, 140 000 so`m miqdorida amalga oshiriladigan bo`ldi.

Xonobod mahallasida yashovchi R.А. ning murojaati esa o`zi tanlab buyurtma bergan mebelni uyiga yetkazib berilishi jarayonida boshqa rangdagisiga almashtirib qo`yilganligi masalasida bo`lgan.

Maʼlum bo`lishicha, u Yozyovon buyum bozorida savdo faoliyatini amalga oshirayotgan Q.M. sotuvidagi namuna uchun qo`yilgan 7 600 000 (yetti million olti yuz ming) so`mlik mebellardan o`ziga maʼqulini tanlab, xuddi shu markadagisi va rangdagisidan uyga olib borib berasizlar, deb kelishuvga erishgan va mebel uchun oldindan to`lovni amalga oshirgan. Lekin oradan uch kun o`tib uyiga keltirilgan mebellarni ne ko`z bilan ko`radiki rangi boshqa. Barchamizga maʼlumki, mebel nafaqat sifat va boshqa ko`rsatkichlari jihatidan, balki rangiga qarab ham tanlanadiki, bundan maqsad u uyning umumiy dizayniga mos kelishi kerak. Qo`yingki, isteʼmolchi xunobi oshib sotuvchi huzuriga yetib kelgan va o`zining eʼtirozlarini bildirgan. Sotuvchidan esa rad javobi olingan.

Аmaldagi qonunning 8-moddasiga ko`ra, isteʼmolchi shartnoma tuzish yo`li bilan tovarni erkin sotib olish huquqiga ega bo`lib, bu shartnomaga ko`ra sotuvchi isteʼmolchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish majburiyatini, isteʼmolchi esa, shartlashilgan pulni to`lash majburiyatini o`z zimmalariga oladilar. Yuqoridagi holatda kabi isteʼmolchi xonadoniga o`zi tanlagan rangdagi emas, boshqa rangdagi mebelni olib kelib tashlab ketilishi, isteʼmolchiga maqbul sifatda bo`lmagan tovar sotilishi sifatida baholanadi va bunday holda isteʼmolchida, qonunning 13-moddasida ko`rsatib o`tilgan, o`ziga nuqsonli tovar sotilgan hollardagi huquqlar vujudga keladi. Unga ko`ra esa isteʼmolchi sotuvchiga tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirish talabini qo`ya oladi. Аgar sotuvchi isteʼmolchining qonuniy talablarini bajarmasa, u holda uning zimmasiga qonuniy talablar bajarilishining o`tkazib yuborilgan har bir kuni uchun tovar bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to`lash majburiyati ham yuklatiladi.

O`rganish ishlari jarayonida sotuvchiga qonunning yuqorida talablari tushuntirilgach, u isteʼmolchining qonuniy talablarini to`liq ado etishni o`z zimmasiga olgan.

 

Raxmatillo Shodmonov

Yozyovon tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Post Comment