Telefon sotib olmoqchimisiz? Uni IMEI kodi ro`yxatdan o`tkazilganligini tekshirib oling!

Telefon sotib olmoqchimisiz? Uni IMEI kodi ro`yxatdan o`tkazilganligini tekshirib oling!

Men isteʼmol krediti tashkilotidan bo`lib-bo`lib to`lash sharti bilan uyali telefon apparati sotib oldim. Telefonni uyga olib kelib, SIM kartani o`rnatdim va undan foydalana boshladim. Lekin oradan 20 kunlar vaqt o`tgach telefon ishlamay qoldi. Surishtirsam muammo uni IMEI kodi bilan bog`liq ekan. Vaqtida tegishli tartibda ro`yxatdan o`tkazmaganim uchun bloklanib qolibdi. Endi nima qilsam bo`ladi?
Javob
Telefon sotib olmoqchimisiz? Uni IMEI kodi ro`yxatdan o`tkazilganligini tekshirib oling!
Xabaringiz bo`lsa, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019 yil 17 sentyabr kunida “O`zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro`yxatga olish tartibi to`g`risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 778-sonli qaror qabul qilingandi. Unga ko`ra, respublikamiz hududida mavjud bo`lgan mobil qurilmalarni 2019 yilning 1 dekabriga qadar bepul asoslarda, 1 dekabr kunidan esa pulli asoslarda IMEI kodlarini ro`yxatga olish amalga oshirilishi belgilangandi.
Bugungi kunda agar Siz xorijda bo`lib, u yerdan yuqoridagi qaror bilan tasdiqlangan Nizomning 1-ilovasida ko`rsatib o`tilgan turdagi mobil qurilmalardan birini sotib olib, mamlakatimiz hududiga olib kirayotgan bo`lsangiz, Nizomning 5-bobi 23-38 bandlarida ko`rsatib o`tilgan tartibda mobil qurilmani o`z hisobingizdan ro`yxatdan o`tkazishingizga to`g`ri keladi. Bunda mobil qurilmani mamlakatimiz hududida ishga tushirib, dastlabki tarmoq hodisasi sodir bo`lgan (aytaylik unga SIM karta joylanib ishga tushirilgan) paytdan eʼtiboran 30 kalendar kuni mobaynida uni IMEI kodini ro`yxatdan o`tkazishingiz va buning uchun Bazaviy hisoblash miqdorining 20 % i (223000 so`m x 20 % = 44600 so`m) miqdorida to`lovni amalga oshirishingiz lozim.
Аgar mobil qurilmani mamlakatimiz hududidagi sotuvchilardan sotib olayotgan bo`lsangizchi? Unda bu masala Siz uchun muammo tug`dirmasligi kerak. Nega?
Qaror talablaridan kelib chiqilsa, ushbu holatda Sizdan mobil qurilmani qo`shimcha ro`yxatdan o`tkazish talab qilinmaydi. Sababi mobil qurilma importyor tashkilot tomonidan mamlakatimiz hududiga olib kirilayotgan paytda, mamlakatimizda ishlab chiqarilgani esa ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan sotuvga chiqarishdan oldin ushbu Nizomning 4-bobi 11-22 bandlarida ko`rsatib o`tilgan tartibda ro`yxatdan o`tkazilgan bo`ladi (va albatta bu harajat uning tannarxiga kiritilib, tovarni sotilishi jarayonida Sizdan undirib olinadi). Аgar mamlakatimiz hududidagi sotuvchilardan (importyorlar, ishlab chiqaruvchilardan) Siz tomoningizdan sotib olingan mobil qurilmaning IMEI kodi bilan bog`liq muammolar yuzaga chiqsa, bu Sizning aybingiz emas, balki sotuvchi (importyor, ishlab chiqaruvchi) tomonidan qarorda belgilangan tartibda mobil qurilmani ro`yxatdan o`tkazmasdan sotilayotganligini bildiradi.
O`zbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonun 4-moddasiga ko`ra, Siz o`zingizga sotilayotgan tovar haqida to`g`ri va to`liq maʼlumot olish, ushbu tovarning tegishli darajada sifatli bo`lishi, sotuvchining g`ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, maʼnaviy zararning to`liq hajmda qoplanishi kabi huquqlarga egasiz.
Savolingizda keltirib o`tilgani kabi holatni yuzaga kelishi esa, Sizga tovarni sotish jarayonida u haqida to`g`ri va to`liq maʼlumot berilmaganligini, sotuvchining g`ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli Sizga moddiy ziyon, kerak bo`lsa maʼnaviy zarar yetkazilganligini, Sizga sotilgan tovar esa maqbul sifatda emasligini ko`rsatadi. Ushbu holda Siz mazkur qonunning 13-moddasida ko`rsatib o`tilgan huquqlaringizdan kelib chiqib, sotuvchiga mobil qurilmani maqbul sifatdagisiga almashtirish, tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etilishini taʼminlash, shartnomani bekor qilib ko`rilgan zararni qoplanishini talab qilish (pulingizni qaytarib olish) va boshqa shu kabi talablaringizni qo`yish huquqiga egasiz. Demak, ushbu talablar Siz tomoningizdan isteʼmol krediti tashkilotiga qo`yiladi va mobil qurilma ularga qaytariladi.
Kelgusida yuqoridagi kabi holatlar kelib chiqmasligi uchun, sotuvchilar (importyorlar, ishlab chiqaruvchilar)dan, shuningdek ikkilamchi bozordan (avval isteʼmolda bo`lgan) mobil qurilmalarni sotib olish jarayonida, ulardan mobil qurilmaning IMEI kodi ro`yxatga qo`yilganligini tekshirib berilishini va bu maʼlumot bilan Sizni tanishtirishlarini so`rashingizni, zarurat bo`lganda esa o`zingiz ham oddiy usul bilan uni tekshirib olishingiz mumkinligini eslatib o`tamiz.
Mobil qurilmani mamlakatimiz hududida ro`yxatga qo`yilganligi quyidagi usul bilan tekshiriladi:
Qurilmada *#06# kombinatsiyasi teriladi. Qurilmaning IMEI kodi ko`rinadi. Аna shu kodni https://uzimei.uz saytidagi “IMEI-kodni tekshirish” oynasiga kiritasiz va ushbu oynacha tagidagi, tizim tomonidan Sizga taklif qilingan 6 ta raqamdan iborat tekshirish kodini kiritasiz hamda “Tekshirish” tugmasini bosasiz. Аgar qurilma ro`yxatdan o`tgan bo`lsa, Sizga yashil simvoldagi belgi yonida maʼlumotlar taqdim etiladi. Аgar qurilma ro`yxatdan o`tmaganligi to`g`risida maʼlumotlar chiqsa, yaxshisi bunday qurilmani sotib olmaganingiz maʼqul.

Hududiy birlashma Аxborot xizmati

Post Comment