Viloyatning eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi

Viloyatning eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi

Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat Axborot-kutubxona markazi majlislar zalida Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Iqboljon Ergashev boshchiligida ushbu kompleksga kiruvchi tashkilotlar mas’ullari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Matbuot anjumani kompleksga kiruvchi tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlar mavzusini qamrab oldi.

Ta’kidlandiki, bugungi kunga kelib mamlakatimizda investitsiyalar va tashqi savdo masalalariga bog‘liq faoliyat bilan bog‘liq mustahkam qonunchilik bazasi shakllantirildi. Tizimda korrupsiyaga qarshi kurash, uning kelib chiqishi imkoniyatlarini yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, bunda asosiy e’tiborni jarayonlarga inson omilining ta’siri va aralashuvini kamaytirishga qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 yanvardagi PF-4931-son Farmoni hamda shu asoslarda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 apreldagi 196-son qarori bilan respublikamizda tashkil etilgan bir necha erkin iqtisodiy zonalar qatorida viloyatimizda ham Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasi tashkillangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 iyundagi PQ-4363-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 martdagi 134-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida viloyatimiz hududida kichik sanoat zonalari tashkillangan. Xususan, bugungi kunda viloyatimizda 90 ta kichik sanoat sanoat zonalari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ular 750 gektar yer maydonida joylashgan. Mazkur kichik sanoat zonalarida 732 ta loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘tgan yillarda amlaga oshirilgan ishlar natijalari bilan 93 ta xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tashkil etildi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida viloyatimizdan 800 mln AQSH dollari atrofida mahsulotlar eksport qilinib, bu boradagi ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 44,0 % oshganligi qayd qilindi.

Bugungi kunda yaqin hamkorlarimiz bo‘lgan va bu borada ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan xorij mamlakatlariga xizmat safarlari uyushtirilib, viloyatimizning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.

Hududiy birlashma Axborot xizmati

Post Comment