Urug‘likdan unib chiqqan ko‘chatlar «bepusht» chiqdi
Oltiariq tumani Bo‘ston mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi A.Otajonov urug‘chilik savdo do‘konidan sotib olgan karam urug‘idan undirilgan ko‘chatlarning hosil bermaganligi sababidan urug‘likka to‘langan pul mablag‘ini qaytarib olinishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Murojatchiga ko‘ra, u tuman Dehqon bozori hududida joylashgan urug‘chilik savdo do‘konidan Fresko F1 navli karam urug‘ining 80 qutisini umumiy hisobda 20 mln 850 ming so‘mga sotib olgan. Joriy yilning mart oyi boshlarida urug‘lar undirilib, ko‘chatbop bo‘lgach, dehqonlar tomonidan agrotexnik harakatlar amalga oshirilib, dala maydoniga ko‘chirib o‘tkazilgan hamda sug‘orish va mineral o‘g‘itlar berish tadbirlari o‘z vaqtida o‘tkazib borilgan. Odatda bu kabi tadbirlar o‘z vaqtida va to‘g‘ri ketma-ketlikda o‘tkazib borilishi qandaydir miqdorda bo‘lsada hosildorlikni ta’minlab bersada, negadir ushbu holatda karam ko‘chatlari hosilga kirmasdan qolavergan. Buning ortidan kelib chiqqan tushunmovchiliklar natijasida A.Otajonov sotuvchiga murojaat qilib, urug‘likning sifatsiz chiqqanligi yuzasidan o‘z e’tirozlarini bildirgan, lekin masala ijobiy hal etilmagan.
Tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari fuqaro murojati asosida sotuvchi bilan uchrashib, amaldagi qonunchilik talablari bo‘yicha tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib bordilar. O‘rganish ishlari yakunlari bilan esa fuqaroga karam urug‘i uchun to‘lagan pulini to‘liq qaytarib olib berilishiga erishildi.
Dilobar Dadaxonova
Oltiariq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
(illyustrativ foto)
Post Comment