Va’da qilingan iste’mol xususiyatlariga ega bo‘lmagan tovar sotuvchiga qaytarildi

Va’da qilingan iste’mol xususiyatlariga ega bo‘lmagan tovar sotuvchiga qaytarildi

Marg‘ilon shahar iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatida Qirguli mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi A. Y. ning sotuvchi tomonidan sotuvchi tomonidan past kuchlanishda ham ishlashi va’da qilinib sotilgan avtomat kir yuvish mashinasining xonadonga keltirib foydalanish jarayonida yaxshi ishlamaganligi sababli tovarni sotuvchiga qaytarish borasidagi muammolar yuzasidan murojaati o‘rganildi.

Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, u shahardagi «Ipakchi buyum bozori» hududida savdo faoliyati olib borayotgan maishiy texnikalar bilan savdo qiluvchi do‘kon sotuvchisi B.dan LG rusumli avtomat kir yuvish mashinasini 7 600 000 so‘mga xarid qiladi. Iste’molchiga, ayniqsa, sotuvchi tomonidan aytilgan. kir yuvish mashinasining elektr tokining past kuchlanishida ham ishlashi va boshqa bir qator iste’mol xususiyatlari ma’qul kelgan. Lekin xonadonga keltirilib, foydalanish jarayonida maishiy texnika past kuchlanishdagi elektr tokida yaxshi ishlamagan. Sotuvchiga bu haqda e’tirozlarini bildirib, tovarni qaytarib olinishini so‘raganida esa tovar qaytarib olinmasligi, agar qaytarilgan taqdirda ham 1 mln so‘m ushlab qolinishi yoki bo‘lmasa servis kompaniyasi bilan muammoni hal qilishi ma’lum qilingan.

Sotuvchining oldi-sotdi jarayonida o‘zi realizasiya qilayotgan tovar haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berishi ortidan zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli hisoblanadi. Bu holat amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan. Demak, yuqoridagi holatda agar sotuvchi kir yuvish mashinasini past kuchlanishda ham ishlashini aytib sotgan bo‘lsa va tovar va’da qilingan iste’mol xossalariga ega bo‘lmasa, qonun talabiga ko‘ra iste’molchi bunday tovarni sotuvchiga qaytarib, pulini qaytarilishini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Shahar jamiyati xodimlari murojaatni o‘rganish doirasida sotuvchi bilan uchrashib, unga qonunning yuqoridagi talablarini tushuntirganlaridan so‘ng, maishiy texnika sotuvchi tomonidan qaytarib olinib, kir yuvish mashinasi uchun to‘langan pul iste’molchiga to‘liq hajmda qaytarilishiga erishildi.

Ikromjon Abduraximov,
shahar jamiyati raisi vazifasini bajaruvchi.

(illyustrativ foto)

Post Comment