Sifatiga norozilik bildirilgan mobil qurilma almashtirildi
Bag‘dod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Saidobod» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M.G.ning qiymatini bo‘lib to‘lash shartlarida xarid qilingan tovarning sifati talab darajasida emasligi va uni almashtirilishida amaliy yordam so‘rab qilingan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u tumanda faoliyat olib borayotgan «Ishonch» do‘konlar tarmog‘idan 12 oy davomida bo‘lib to‘lash shartlari bo‘yicha shartnoma qiymati 4 614 282 so‘m bo‘lgan Xiaomi Redmi Note rusumli mobil qurilmani, oylik 384 500 so‘mdan to‘lab borish shartlarida xarid qiladi va uyiga keltirib foydalanishi jarayonida aloqa va internet sifatining o‘ta pastligini kuzatadi. Buni mobil kompaniya antennalari qamrovidan bo‘lishi mumkinligini gumon qilgan iste’molchi yashash joyiga yaqin boshqa hududlarda ham ishlatib ko‘radi, lekin o‘zgarish sezilmagach sotuvchi huzuriga kelib o‘zi nuqsonli deb gumon qilgan mobil qurilmani boshqasiga almashtirib berishlarini so‘raydi. Bu borada o‘z kuchi bilan ijobiy natijaga erisha olmagach esa tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchiga oldi-sotdi jarayonida sotuvchi o‘zi realizasiya qilayotgan tovar haqida o‘z vaqtida zurur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi, muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirishi, tovarni ishlatib ko‘rsatishi, undan xavfsiz va to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatishi, zarurat bo‘lsa, tovarni ekspertizaga yuborishi shart. Qonunchilikning amaldagi talablarini to‘laqonli bajarilmasligi esa sotuvchi uchun kelgusida turli noxush holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Murojaat o‘rganilishi jarayonida sotuvchi bilan ushbu holatlar bo‘yicha muzokaralar olib borildi. O‘rganish ishlari esa iste’molchining qo‘lidagi mobil qurilmani boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib berilishi bilan yakun topdi.
Dilorom Mirzayeva,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Post Comment