Xizmat ko‘rsatuvchi korxona ogohlantirildi
Qo‘shtepa tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Istiqbol» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi S.G‘.ning hududlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxona xizmatlaridan norozi bo‘lib qilgan murojaati o‘rganildi.
O‘rganishda fuqaro istiqomat qiladigan hududga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun «Vodiy maxsus trans» MChJ biriktirilganligi ma’lum bo‘lib, tuman jamiyati xodimlari va MChJ vakili ishtirokida joyiga chiqib o‘rganib ishlari olib borilganida haqiqatdan ham xizmatlar ko‘rsatish davrida uzilish va kechikish holatlari bo‘lganligi qayd qilindi.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 fevraldagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan «Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish qoidalari»ning 16-bandiga ko‘ra, qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning minimal davriyligi chiqindi to‘plash shoxobchalaridan — bir kunda bir marotaba va yakka tartibdagi turar joy sektoridan «signal» usulida — uch kunda bir marotabani tashkil qilishi belgilab qo‘yilgan. O‘rganish ishlari davomida xizmat ko‘rsatuvchi korxona mas’ullariga amaldagi qonunchilik targ‘iboti olib borilib, iste’molchilarga xizmatlar ko‘rsatish davriyligiga qat’iy amal qilish chora-tadbirlarini ko‘rish yuzasidan ogohlantirish berildi.
Hakimjon Hayitov,
tuman jamiyati mutaxassisi.
(foto sun’iy intellekt yordamida yaratilgan)
Post Comment