Ijrochi tomonidan ish bajarish jarayonida nuqsonga yo‘l qo‘yilgani iste’molchi bilan uning o‘rtasida nizoli holatni keltirib chiqargan
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning Yangi asr ko‘chasida istiqomat qiluvchi L.E.ning atelyega berilgan buyurtma bo‘yicha ishlar sifatsiz bajarilgani va tikuvchi tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etilmayotganligi xususida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, buyurtma shahar Markaziy dehqon bozori atrofidagi atelyega berilgan bo‘lib, 850 000 so‘m miqdorida to‘lov ham amalga oshirilgan. Biroq tikuvchi tomonidan olingan o‘lchamlar asosida materialni bichish jarayonida xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Iste’molchining yo‘l qo‘yilgan kamchilikni bartaraf etish talabi bajarilmagan. Shundan so‘ng u Federatsiya ishonch telefoniga shartnomani bekor qilib, pulini qaytarilishida yordam so‘rab murojaat qilgan.
O‘rganish ishlarida tikuvchilik faoliyatini olib borayotgan tadbirkor (buyurtma ijrochisi) bilan uchrashilib, iste’molchi murojaatida keltirilgan vajlar asosli ekanligi ma’lum bo‘lgach, ijrochiga amaldagi qonunchilik talablari, xususan ijrochi tomonidan ish bajarishda jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, bajarilgan ish bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini, xuddi shunday sifatli shu xildagi materialdan boshqa buyum bepul tayyorlab berilishini yoxud ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilishga haqli ekanligi yuzasidan tushuntirishlar berildi. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida ijrochi tomonidan iste’molchining 850 000 so‘m pulini to‘liq qaytarilishi va yuzaga kelgan muammoni bartaraf etilishiga erishildi.
Mansurjon Toshkanov,
shahar jamiyati mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment