Jamoat tashkiloti 200 qop unni xayriyalarni muvofiqlashtirish markazlariga taqdim etdi
O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hukumatimiz respublikada COVID-19 infektsiyasi tarqalishini oldini olish uchun profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida, cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etgan dastlabki kundan boshlab, o`sha chora-tadbirlarga hissasini qo`shib kelmoqda, – deyiladi O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda.
Аyni maqsadda ichki isteʼmol bozorida oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj mollari narxlarining asossiz ravishda oshib ketishi oldini olishda vakolatli davlat organlariga ko`maklashish uchun joylarda “Jamoatchilik nazorati” ishchi guruhlari tashkil etildi. Unga federatsiyaning 600 nafar tajribali mutaxassisi jalb qilindi. Bozor va savdo shoxobchalaridagi narx-navoga oid kunlik maʼlumotlar umumlashtirilgan holda maxsus komissiyaga taqdim etilmoqda.
Shuningdek, federatsiyaning “Mehr ulashamiz” aktsiyasi doirasida aholiga 300 ming dona tibbiy niqob, 7000 dona antiseptik vosita, ijtimoiy himoyaga muhtoj 674 oilaga esa oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Federatsiya tizimi xodimlari tashabbusi bilan ularning bir kunlik ish haqi “Mehr-shafqat va salomatlik jamoat fondi”ga o`tkazildi.
Bu kabi xayriya ishlari davom etmoqda. Kuni kecha federatsiyaning hududiy tuzilmalari Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligining O`zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda joylardagi xayriyalarni muvofiqlashtirish markazlariga 200 qop un yetkazib berdi.
O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi respublikamizdagi eng yirik jamoat tashkilotlaridan biri sifatida xalqimiz boshiga tushgan ushbu sinov kunlarida jamoat tashkilotlarini koronavirusga qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatish yo`lida hukumatga ko`maklashishga chaqiradi.
Hududiy birlashma axborot xizmati
Post Comment