Ko`p yillik muammo yechim topdi
Koronavirus pandemiyasi dunyo bo`yicha juda ko`p sohalar oldiga kundalik faoliyatlarini davom ettirishlari uchun o`z ish uslublarini jiddiy ko`rib chiqishlarini shart qilib qo`ydi. Jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining ayrim sohalari, hattoki faoliyatlarini maʼlum vaqt to`xtatib turishga ham majbur bo`ldilar. Lekin taʼlim sohasi shart-sharoitlardan to`g`ri xulosalarni chiqargan hamda jahonning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlaridan unumli foydalangan holda, yuzaga kelgan holatdan chiqib keta oldi, desak mubolag`a bo`lmaydi. O`quvchilarga onlayn tarzda taʼlim berish yo`lga qo`yilib, oynai jahon orqali efirga uzatildi, shuningdek ular bilan axborot-kommunikatsiya tarmoqlarining boshqa vositalaridan foydalangan holda ikki tomonlama aloqa o`rnatildi. Hozir sizlar bilan bu qanchalik o`zini oqladi yoki oqlamadi, degan masalani emas, masalaning boshqa bir jihatini muhokama qilmoqchimiz.
Modomiki, o`quvchilarga darslar onlayn tizimida uzatilar ekan, bu narsa ulardan belgilangan vaqt va makonda “onlayn” bo`lishni yoki soddaroq qilib aytganda televizor qarshisida hozir bo`lishni talab qiladi. Lekin shu paytda tarmoqda elektr energiyasi bo`lmasachi? Bag`dod tumani Qirqvolida qishlog`ida istiqomat qiluvchi Sh.Аzizov va Z.Mirzaakbarovlarning tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaatlari aynan ana shu masalada bo`lgandi.
Tuman jamiyati xodimlari tomonidan kelib tushgan murojaat bo`yicha soha mutaxassislari jalb qilinib, joyida o`rganishlar o`tkazildi. Murojaat egalari xonadonlariga xizmat ko`rsatuvchi transformator nimstantsiyasi (TP) ko`zdan kechirilganda, unda ko`p marotaba taʼmirlash ishlari o`tkazilganligi bilinib turardi. Аholining aytishiga qaraganda, ular bir necha marta mazkur TPni hashar yo`li bilan ham taʼmirlatgan ekanlar. Bir ikkita uyali aloqa kompaniyalarining antennalari ham ana shu liniyadan quvvat olishi esa, hududda muayyan vaqtlarda aloqa sifatining talab darajasida bo`lishiga ham o`z salbiy taʼsirini ko`rsatmay qolmagan, albatta.
Murojaatni o`rganib chiqish davomida, tuman elektr taʼminoti korxonasi va tuman isteʼmolchilar huquqlarining himoya qilish jamiyatining birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida Qirqvolida qishlog`i umumiy qiymati 6 500 000 (olti million besh yuz ming) so`m bo`lgan, yangi TP-63 kVА rusumli tok taqsimlagich bilan taʼminlanishiga erishildi.
Hudud aholisi ko`p yillik muammoni bartaraf etilganidan mamnun holda tuman jamiyati va boshqa masʼul idoralar vakillariga o`z minnatdorchiliklarini izxor qildilar.
Dilorom Mirzaeva
Bagʼdod tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment