Tovar Xitoyniki bo`lsa unda kafolat muddati bo`lmaydimi?
Farg`ona shahrining Qirguli dahasida yashovchi E.Xaydukova viloyat hududiy birlashmasining “Isteʼmolchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonasiga murojaat qilar ekan:
– Meni asosiy maqsadim maslahat olish. Bir kichkinagina muammo bor, shu bo`yicha menga tushuntirish bersangiz. To`g`risi yuzaga kelgan holatni muammo sifatida ko`tarib, shuni o`rganib chiqib, amaliy yordam ko`rsating deyishga ham iymanaman, – dedi.
Suhbatdan maʼlum bo`lishicha, u o`zi yashab turgan hududdagi xo`jalik mollari do`koni sotuvchisi Baxodir ismli shaxsdan 30 ming so`mga fonar (yoritgich) sotib oladi. Mazkur buyumga qiziqib qolishiga sabab esa, odatdagi fonarlarga batareyka qo`yish, uni vaqti-vaqti bilan almashtirib turish kerak, buni esa batareykasi bo`lmasdan, elektr tokidan zaryadlab olib ishlataverar ekansiz. Qisqasi, u ushbu buyumni olib bir hafta ham ishlatmagan, sotuvchiga bu haqda aytsa, taʼnayu malomat eshitgan. Sotuvchining asosiy vaji esa tovarning Xitoyda ishlab chiqarilganligiyu, unda kafolat muddati yo`qligi bo`lgan.
Lekin amaldagi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonuni, isteʼmolchining huquqlari tovarning qayerda va qanday holatda ishlab chiqarilganiga qarab kafolatlamaydi. Isteʼmolchi mamlakatimizda va xorijda ishlab chiqarilgan har qanday tovar (ish, xizmat)ni sotib olish va undan foydalanish jarayonida qonunda belgilangan huquqlarini emin-erkin ro`yobga chiqara oladi. Xususan, qonunning 13-moddasiga ko`ra, agar isteʼmolchi tomonidan sotib olingan tovarda nuqsonlar aniqlansa, u kafolat muddati ichida, kafolati muddati belgilanmagan tovarlar bo`yicha esa olti oy muddat ichida ushbu tovarni almashtirib olish, bepul taʼmirlatish, shartnomani bekor qilib ko`rilgan zararni qoplatish va boshqa shu kabi huquqlarini talab qila oladi.
To`g`ri, Farg`ona shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari saʼy-haarkatlari bilan isteʼmolchi E.Xaydukovaga sotilgan nuqsonli tovar uchun to`langan pul sotuvchidan qaytarib olib berildi, lekin mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tovarlarni, shuningdek import tovarlarni sotayotgan boshqa sotuvchilar ham yuqoridagi holatdan to`g`ri xulosalarni chiqarib olsalar maqsadga muvofiq bo`lar edi.
Shermurod Oxunov
Farg`ona shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment