Qaytimni biz olmayapmizmi yoki berishmayaptimi?
Savdo do`konlarida oldi-sotdi amalga oshirilgach, bizga mayda pulni qaytim sifatida berish o`rniga turli mahsulotlar, dorixonalarda tabletkalar berilishi isteʼmolchilarning huquqlarini poymol etilayotganligidan darak emasmi?
Sir emas, savdo va xizmat ko`rsatish obʼektlarida oldi-sotdi muomalasini amalga oshirish jarayonida qaytim berilishi bilan bog`liq turli muammolarga duch kelayapmiz. Baʼzida istasak istamasak do`konlarda qaytim o`rniga gugurt, saqich, qurut yoki dorixonalarda turli tabletkalar berilishi sotuvchilarga odat tusiga kirib qolgandek, go`yo. Sotuvchilar bu holatga shu qadar o`rganib qolishdiki, buni hatto isteʼmolchilarga nisbatan qonun buzilishi holati ekanini o`ylab ham qo`yishmayapti.
Toshloq tumani markazida bu kabi holatlar qay darajadaligini, tadbirkor va isteʼmolchi o`rtasida kelib chiqayotgan muammolarning asl sababi nimada ekanligini aniqlash maqsadida ijtimoiy so`rovnoma va o`rganish ishlari o`tkazildi. Tanlov asosida tuman markazidagi savdo do`konlari va dorixonalar o`rganilganda, haqiqatan ham ming so`mgacha qaytim berilishi lozim bo`lgan holatda mayda pul o`rniga turli tovarlarni o`tkazish holatlarini guvohi bo`ldik. Buning sababini so`raganimizda, baʼzi tadbirkorlar qaytim uchun tanga pullarning yo`qligini ro`kach qilishgan bo`lsa, boshqalari haridorlarning o`zlari tanga pul o`rniga arzon mahsulotlardan olish istagida ekanliklarini taʼkidlashdi. Ularga nima bo`lganda ham, birinchi galda isteʼmolchi qo`liga qaytim taqdim qilinishi, u mabodo uni rad etib, o`rniga mahsulot olish istagini bildirganidagina, qaytimga teng ekvivalentdagi boshqa mahsulot berilishi mumkinligi uqtirildi.
Eng achinarlisi, dorixonalarda qaytim o`rniga hech qanday yozuvi yo`q, qanday dori ekanini, yaroqlilik muddati qachongacha ekanini bilib bo`lmaydigan turli tabletkalar berish holatlari ham uchrab qolayaptiki, bu inson hayoti va sog`ligi uchun xavf tug`dirishi mumkinligi bizni xavotirlantirmoqda. Shu boisdan ham, o`rganish doirasida dorixonalar mutassaddilariga bunday holatlarga yo`l qo`ymaslik, hushyor bo`lish zarur ekanligi tushintirildi.
Ijtimoiy so`rovnomada ishtirok etgan tumanimiz fuqarolarining ayrimlari 500 so`mgacha bo`lgan banknotalarning muomaladan chiqarilganligini, mayda qiymatdagi tanga pullarning muomalada ekanidan esa bexabar ekanliklarini aytishdi. Baʼzi isteʼmolchilarimiz qaytimga gugurt olish afzalroq, deb hisoblaydi. Nima bo`lganda ham, so`rovnomada ishtirok etgan respondentlarimizga, yo`l-yo`lakay, oldi-sotdi munosabatlaridagi o`z haq-huquqlarini to`g`ri anglab olishlari, qonuniy haqlarini talab qilib olishlari borasida tushuntirishlar berib ketildi.
Husnidaxon Yakubova
Toshloq tumani IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment