Isteʼmolchi avtomashina uchun to`lagan bo`nak pulini qaytarib oldi

Isteʼmolchi avtomashina uchun to`lagan bo`nak pulini qaytarib oldi

Farg`ona tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga joriy yilning 25 iyunida og`zaki ravishda murojaat qilgan Yoshlarobod qishlog`ida yashovchi fuqaro B.Temirov “UMID AVTO LIZING” MChJ bilan 2019 yilning 19 avgustida NEXIA-3 avtomobili sotib olish uchun 20/F-03-sonli shartnoma imzolaganligi, ana shu shartnomaga asosan 33 758 266 (o`ttiz uch million yetti yuz ellik sakkiz ming ikki yuz oltmish olti) so`m boshlang`ich to`lovni amalga oshirganligi, lekin unga shu kunga qadar avtomobil yetkazib berilmaganligi sababli oradan bir yil o`tib, yaʼni 2020 yilning 19 martida yuqoridagi tashkilotga o`rtadagi shartnomani bekor qilish va boshlang`ich to`lov summasini plastik kartasiga qaytarish bo`yicha ariza bilan murojaat qilgan bo`lsada, unga nomaʼlum sabablarga ko`ra puli qaytarilmayotganligidan shikoyat qilgandi.

Tuman jamiyati mutaxassislari ushbu masalada tashkilot masʼullari bilan bog`lanib, amaldagi isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi qonunchilik talablari, ularga koʼra sotuvchi (xizmat koʼrsatuvchi)ning majburiyatlari, isteʼmolchining huquqlari borasida muzokara o`tkazganlaridan bir kun o`tib, tuman jamiyatiga telefon orqali bog`langan isteʼmolchi uning puli bank plastik kartasiga tushirib berilganligini maʼlum qilib, jamiyat xodimlariga o`z minnatdorchiligini izxor qildi.

Tuman jamiyatiga yuqoridagi tashkilotdan 01.07.2020 yil kunida kelib tushgan №101-sonli javob xatida maʼlum qilinishicha, isteʼmolchidan haqiqatdan ham 2020 yilning 19 martida o`rtadagi shartnomani bekor qilish yuzasidan ariza kelib tushgan. Lekin mamlakat bo`yicha joriy qilingan karantin sharoitida tashkilotning faoliyati maʼlum muddat to`xtab qolishi va asosiy faoliyatga may oyining o`rtalaridan kirishilganligi isteʼmolchi murojaatini ko`rib chiqilishini biroz cho`zilishiga sabab bo`lgan. Tashkilot va isteʼmolchi o`rtasidagi shartnomaning 2.2.3-bandiga ko`ra, mijozga pulni qaytarish 40 (qirq) ish kuni davomida amalga oshirilishi belgilangan bo`lib, 2020 yilning 26 iyunida mijoz bank kartasiga pul qaytarilganligi ham maʼlum qilingan.

 

Hiloldin Gafurov

Fargʼona tuman IHHQJ bosh mutaxassisi

Post Comment