Iste’molchilarning har bir murojaati e’tiborda
Fuqarolarning murojaat qilish huquqi inson huquq va erkinliklari taʼminlab berilishining eng muhim omillaridan biridir. O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida buni alohida norma sifatida belgilab qo`yilganligi esa fikrimizning isbotidir. Unga ko`ra, har bir shaxs bevosita o`zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Lekin amaliyotda fuqarolar murojaatlarining muayyan qismini birlamchi, quyi bo`g`inda hal qilish imkoni bo`lgan, fuqaroning kelajakda boshqa idora va muassasalarning eshigini qoqib, umrini va vaqtini behuda sarflab yurishini hojati bo`lmagan murojaatlar ham tashkil etadi. Buning uchun esa fuqarodan ham, unga xizmat ko`rsatayotgan xo`jalik yurituvchi subʼektning vakilidan ham o`z haq-huquq va majburiyatlarini to`g`ri anglab olish, qonunlarga hurmat bilan munosabatda bo`lish talab etiladi, xolos.
Marg`ilon shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Turkiya davlatida ishlab chiqarilgan ayollar ko`ylagini 1200000 (bir million ikki yuz ming) so`mga sotib olgan fuqaro N.Xaydarovadan shikoyat arizasi kelib tushdi. Murojaatda yozilishicha, N.Xaydarova Marg`ilon shahridagi do`konlarning biridan import ko`ylakni singlisi uchun sotib olgan. Lekin singilning oila aʼzolariga ko`ylakning rangi va bichimi maʼqul kelmagan. Oldi-sotdi amalga oshirilgan kunning ertasiga N.Xaydarova ko`ylakni sotuvchiga qaytarib olib kelib, ko`ylakni boshqasiga almashtirib berishni so`raydi, sotuvchi esa turli arzimas bahona va sabablar bilan uning ushbu talabini bajarmaydi. Shundan so`ng u Marg`ilon shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.
Аmaldagi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonunning 18-moddasiga ko`ra, isteʼmolchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan eʼtiboran o`n kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga bunday tovar sotuvda bo`lmasa, pulini qaytarib olishga haqli.
“O`zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari”ning 28-bandiga ko`ra, xaridorning tovarni almashtirish yoxud qaytarish to`g`risidagi talabi, agar tovar isteʼmol qilinmagan bo`lsa, uning tovar ko`rinishi, isteʼmol xossalari, plombasi, yorliqlari saqlangan bo`lsa, shuningdek ushbu sotuvchidan sotib olinganining isboti mavjud bo`lsa qondirilishi kerak. Biroq zarur sifatga ega bo`lgan, qaytarilmaydigan yoki nooziq-ovqat tovarlari ro`yxatida ko`rsatilgan, ana shunday o`lcham, shakl, gabarit, fason, rang yoki komplektatsiyadagi boshqa tovarga (mazkur Qoidalarning 1-ilovasi) almashtirilishi mumkin bo`lmagan tovarlar bundan mustasnodir. Bunday tovarlar to`g`risida esa isteʼmolchilarga oldi-sotdi jarayonida to`liq maʼlumot berilishi lozim. Maʼlumotning umuman berilmaganligi yoki to`liq berilmaganligi holatlarida esa isteʼmolchilarda shu turdagi tovarlarni ham almashtirib olish huquqini vujudga keltiradi.
Shahar jamiyati xodimlari tomonidan yuqoridagi holatlar bo`yicha sotuvchiga tushuntirishlar berildi. Buning natijasida esa isteʼmolchi shu do`kondan ko`ylakni boshqasiga almashtirib oldi.
Аʼzamxon Maxammadiev
Marg`ilon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment