Iste’molchilik ijtimoiy harakatini jonlantirish masalalari bo‘yicha ishchi guruhi So‘xda bo‘lib qaytdi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi raisi Axrorjon Raxmonaliev boshchiligidagi ishchi guruh So‘x tumanida bo‘lib qaytdi.
Hududiy birlashma raisi tadbirkorlarning Farg‘ona shahridagi «Tadbirkorlar uyi»da viloyat hokimiga qilgan murojaatlarini o‘rganish bo‘yicha doimiy ishchi guruhi a’zolari bilan So‘x tumaniga oid murojaatlar yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazdi. Mazkur masalalar va iste’molchilik sohasiga oid murojaatlar yuzasidan tuman hokimligi va prokuratura mas’ul xodimlari bilan uchrashdi.
Shuningdek, hududiy birlashma ishchi guruhi tomonidan tumandagi xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash va maktabgacha ta’lim tizimi mas’ul xodimlari bilan uchrashuvlar tashkillandi.
Uchrashuvlarda Prezidentimiz Sh. Mirziyoevning shu yil dekabr’ oyida Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasidan kelib chiquvchi vazifalar, hududda jamoatchilik nazoratini yanada rivojlantirish, davlat idoralarining jamoat tashkilotlari bilan hamkorligini yanada kengaytirish, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining jamiyat hayotida tutgan o‘rni va rolini oshirish masalalarida atroflicha fikr va mulohazalar bildirib o‘tildi.
Tadbirlar doirasida mamlakatimizda iste’molchilik ijtimoiy harakatining vujudga kelishi, bugungi holati va ertangi kuni, Federatsiya va uning hududiy organlari tomonidan aholini mazkur ijtimoiy harakatga keng jalb qilish, iste’molchilarning huquqiy bilim saviyasi va iste’mol madaniyatini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan ham axborotlar berib o‘tilib, tadbir ishtirkochilarining sohaga oid savollariga javoblar qaytarildi.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Post Comment