Iste’molchiga sotilgan nosoz telefonning puli qaytarildi
Quvasoy shahrida yashovchi fuqaro O. Razumov farzandining tug‘ilgan kuni yodda qolarli o‘tishini istab, unga sovg‘a sifatida Samsung A10S rusumli telefon sotib oladi. Amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra, iste’molchi sotib olingan tovarning sifati va butligini tekshirib olish huquqiga ega bo‘lsada, iste’molchi “Sovg‘a sovg‘aday bo‘lsin, qizim telefon apparati korobkasiniyam o‘zi ochsin”, degan niyatdami yoki sotuvchiga ishonganmi, ishqilib ochmasdan olib ketavergan.
Lekin uyda yangigina telefon korobkasidan olinib, sim karta o‘rnatilgach, uning mikrofoni ishlamasligi ma’lum bo‘ladi. Voqeaning bunday tus olishini kutmagan ota, albatta, qizi va oila a’zolarining oldida hijolat bo‘ladi.
Yuqorida nomi zikr etilgan qonunning 13-moddasida, bunday holatda fuqaro, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z hohishiga ko‘ra bir necha talablarni qo‘yishga, xususan tuzilgan shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash talabini qo‘yish huquqiga ega. Oddiy qilib aytganda pulini qaytarib olishi mumkin.
Biroq yakka tartibdagi tadbirkor Yu.Rustamov uning mazkur talabini eshtigach, uni servis markaziga yuboradi. Servis markazidagilar telefonni ta’mirlash bilan shug‘ullanishlarini, pulini qaytarish talabini sotuvchiga qo‘yishi kerakligini aytib, uni qaytarib yuboradilar. Shundan so‘ng iste’molchi mazkur masalani hal etilishida yordam so‘rab Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.
Farg‘ona shahar jamiyati xodimlarining sotuvchi bilan olib borgan muzokaralari natijasida esa, iste’molchiga 1 650 000 (bir million olti yuz ellik ming) so‘m pul mablag‘ini qaytarilishiga erishildi.
Shermurod Oxunov
Farg‘ona shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment