Nuqsonli kir yuvish mashinasi boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib berildi
Farg‘ona tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan Xonqiz mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Z.Turdimatovaning O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli yagona ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi o‘z murojaatida 20 noyabr kuni Mindon savdo majmuasida joylashgan do‘kondan yarim avtomat kir yuvish mashinasi xarid qilganligini, lekin uyga olib kelib undan foydalanishi jarayonida kir yuvish mashinasida nuqson mavjudligini aniqlaganligini, nuqsonli tovarni savdo do‘koniga qaytarib olib kelib, sotuvchiga almashtirish talabi bilan murojaat qilganligini, biroq uning qonuniy talabi qondirilmaganligini ma’lum qilgan.
Olib borilgan o‘rganishlar davomida sotuvchiga amaldagi qonunchilik talablari bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Xususan, amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, iste’molchiga nuqsonli tovar sotilgan taqdirda, u mazkur tovarni aynan shunday marka (model, artikul)dagi tovarga almashtirib berilishini talab qilishi mumkinligi, bu holda tovar o‘rinma-o‘rin almashtirilib, qayta hisob-kitoblar o‘tkazilmasligi, yoki boshqa marka (model, artikul)dagi tovarga almashtirilishini talab qilishi mumiknligi, bu holda esa qonunning 17-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, nuqsonli tovar boshqa markali tovarga almashtirib berilayotganda, agar almashtirilishi kerak bo‘lgan tovar narxi uning o‘rniga berilayotgan tovar narxidan past bo‘lsa, iste’molchi narxlardagi farqni qo‘shimcha ravishda to‘lashi lozim, almashtirilishi kerak bo‘lgan tovar narxi uning o‘rniga berilayotgan tovar narxidan yuqori bo‘lsa, iste’molchiga narxlardagi farq qaytarilishi lozimligi kabi holatlar tushuntirildi.
Olib borilgan tushuntirishlar natijasida hamda iste’molchining roziligi asosida nuqsonli tovar boshqa markadagi tovarga almashtirilib, narxlar o‘rtasidagi farq summasi iste’molchiga qaytarildi.
Odiljon Junaydullaev
Fargona tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment