Masala iste’molchi foydasiga hal bo`ldi
Bag‘dod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Saidobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi G. Shermatovadan murojaat kelib tushgan. Murojaatda bildirilishicha, iste’molchi Bag‘dod tumani markazida joylashgan “ISHONCH” savdo markazidan olgan sovutgichda nuqsonlar kuzatilgach, savdo markaziga nuqsonli tovarni almashtirish talabi bilan murojaat qilganda, uning talabi rad qilinib, ular tomonidan nuqsonli tovar almashtirilmasligi, balki servis markazida ta’mirlab berilishini tushuntirish berish bilan cheklanilgan.
Murojaatni o‘rganish doirasida ma’lum bo‘lishicha, Avalon AVL-RF-227 TS rusumli sovutgich 9305352 (to‘qqiz million uch yuz besh ming uch yuz ellik ikki) so‘mga, iste’mol krediti shartlarida, tovar narxini bir yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilingan.
Amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda, u bir qator huquqlarga ega bo‘lib, shulardan biri nuqsonli tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirib olish huquqidir. Ushbu moddaning to‘rtinchi qismiga ko‘ra, iste’molchi o‘z talablarini sotuvchiga qo‘yadi.
Agar iste’molchi tomonidan sotuvchiga nuqsonli tovarni almashtirish talabi qo‘yilsa, qonunning 14-moddasiga ko‘ra, nuqsonli tovar sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida esa, iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida almashtirib berilishi shart. Sotuvchi iste’molchining qonuniy talablarini bajarishi shart bo‘lgan muddatlarning o‘tkazib yuborilgan har bir kuni uchun iste’molchiga almashtirilgan tovarni berish bilan bir vaqtda tovar bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘laydi.
Murojaatni o‘rganish ishlari davomida sotuvchiga yuqoridagi holatlar tushuntirilgach, nuqsonli tovar iste’molchidan qaytarib olinib, o‘rniga xuddi shu rusumdagi boshqa sovutgich yetkazib berilishiga erishildi.
Dilorom Mirzaeva
Bag‘dod tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment