Hali imorat devoriga to‘liq terib bo‘linmagan g‘ishtlar sho‘rlasha boshladi
Iste’molchi o‘z hududida faoliyat olib borayotgan ishlab chiqarish korxonasidan sotib olgan g‘ishtlarni ustalar yordamida barpo etilayotgan imoratga terdirdi. Lekin hali xonadon devori to‘liq bitmagani holda, oldinroq terilgan g‘ishtlar sho‘rlasha boshladi.
Buvayda tumani Begobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi T.Tirkashevning O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoniga ana shu boradagi murojaati o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi imorat uchun zarur bo‘lgan jami 10 000 dona g‘ishtni o‘zi yashab turgan hududda faoliyat olib borayotgan g‘isht ishlab chiqarish korxonasi sotuvchilaridan oladi. Qurilish xom ashyosining har bir donasi 250 so‘mdanga kelishilib, iste’molchi 1 500 000 so‘m yoki mahsulot umumiy qiymatining 60 % ga teng bo‘lgan summadagi oldindan to‘lovni ham amalga oshiradi. Mahsulot olib kelinib imorat uchun ishlatish jarayonida esa yuqoridagi muammo kelib chiqadi.
Murojaatni o‘rganish jarayonida, korxona mas’ullariga amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun talablari tushuntirilishi barobarida, iste’molchining Federatsiyaga murojaat qilishdan korxona mas’ullariga bu borada o‘z qonuniy e’tirozlarini bildirganligi, lekin bundan biror natija chiqara olmaganligi, iste’molchining qonuniy talablarini nazardan chetda qoldirish, qonun talabini bajarmaslik tegishli moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishi tushuntirildi. Korxona mas’ullari, hattoki, mahsulot bizniki emas, degan vajlarni ham qilib ko‘rishdi. Lekin bugungi kommunikasiya texnologiyalari keng rivojlangan davrda, tan olmaslik yoki quruq gap bilan qutilib qolishning imkoni yo‘q.
Shuningdek, o‘rganish davomida iste’molchining haqligi isbotini topib, oldindan to‘lov uchun to‘langan 1 500 000 so‘m pullarini iste’molchi T.Tirkashevga qaytarib olib berilishiga erishildi.
Asrorjon Yigitaliyev
Buvayda tuman jamiyati raisi
Post Comment