Muzlatgichda kafolat muddati ichida nuqson chiqdi

Muzlatgichda kafolat muddati ichida nuqson chiqdi

Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Dang‘ara tumanida yashovchi X.Mamajonovning sotib olingan muzlatgichda nuqson kuzatilgach, uni bepul ta’mirlatish masalasida muammo chiqayotganligi holati yuzasidan qilgan murojaati o‘rganildi.

Murojaatchiga ko‘ra, «Volmer» rusumli muzlatgich Qo‘qon shahar «Sanoat buyumlari» bozoridan sotib olingan hamda unda kafolat muddati ichida nuqson kuzatilgan. Iste’molchi sotuvchiga bu haqda murojaat qilib o‘z e’tirozlarini bildirganida, sotuvchi unga ushbu markadagi muzlatgichlarga xizmat ko‘rsatuvchi ustaning belefon raqamini beradi. Lekin negadir usta va iste’molchi o‘rtasida muzlatgichni ta’mirlatish masalasida kelishuvga erishilmaydi. Shundan so‘ng iste’molchi Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli yagona ishonch telefoniga murojaat qiladi.

Iste’molchi murojaatini o‘rganish davomida muzlatgichga servis xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxona mas’uli bilan bog‘lanilib, unga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirildi. Muzlatgichni ustalar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilganda esa uning motor qismida nuqson mavjudligi aniqlandi. Servis korxonasidagilar ishlab chiqaruvchi korxona bilan bog‘lanib buyurtma berish vositasida ehtiyot qismlarini keltirib, iste’molchining muzlatgichidagi nuqson bartaraf etildi.

Alisher Raximov
Qo‘qon shahar jamiyati mutaxassisi

Post Comment