Qonunchilikda nuqsonli tovar va maqbul sifatdagi tovar bilan muomala borasida boshqa-boshqa normalar qo‘llaniladi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan iste’molchi A.I.ning murojaatini o‘rganib chiqishda qonun normalarini noto‘g‘ri talqin qilinishi natijasida yuzaga kelgan tushunmovchilik bartaraf qilindi.
Shahar jamiyatiga murojaat qilgan iste’molchi savdo do‘konlaridan biridan sotib olgan pijamada nuqson aniqlangani, lekin sotuvchi tomonidan nuqsonli tovarni almashtirib berish ishlari paysalga solinayotganligini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, sotuvchi unga tovarni almashtirish yoki pulini qaytarib olishga oradan 17 kun o‘tib, ya’ni qonunda belgilangan 10 kun muddat o‘tib bo‘lgandan so‘ng olib kelganini ham vaj qilib ko‘rsatgan.
Ma’lum bo‘lishicha, pijamani do‘kondan xarid qilib olgan iste’molchi o‘sha kuni safarga ketadi. Safarda kiyimni kiyib ko‘rganida esa pijama shim qismining bir tomoni ikkinchi tomoniga qaraganda o‘ta tor tikilgani, bu esa nafaqat noqulay, balki kulgili ham ko‘rinishi uni asabini buzadi. Oradan 17 kun o‘tib safardan qaytgach esa sotuvchi bilan yuqoridagi mazmundagi muloqot yuz bergan.
Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasiga binoan iste’molchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran o‘n kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli. Qonunning mazkur moddasidagi normadan ko‘rinib turibdiki, bu yerda gap maqbul sifatdagi, ya’ni nuqsonlari bo‘lmagan tovarlar haqida boryapti. Bizning misolimizda esa tovar nuqsonli hisoblanadi va ushbu holat qonunning 18-moddasidagi normalar bilan emas, balki iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda qay tartibda hatti-harakatlar amalga oshirilishi lozimligini belgilab beruvchi normalari (13-17-moddalari) bilan tartibga solinadi. Ularga ko‘ra esa iste’molchi, kafolat muddati yoxud yaroqlilik mobaynida, kafolat muddati va yaroqlilik muddati belgilanmagan tovarlar bo‘yicha olti oy mobaynida, mavsumiy tovarlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilangan muddat mobaynida xarid qilingan tovarda nuqsonlar yuzaga kelishi bilan muammolarni qonuniy hal qila oladi.
Shahar jamiyati mutaxassislari sotuvchiga qonun normasini noto‘g‘ri talqin qilinishi natijasida yuzaga kelgan tushunmovchilik, joriy holat qonunning qaysi normalari bilan tartibga solinishi bo‘yicha tushuntirishlar berganlaridan so‘ng, nuqsonli tovar sotuvchiga, uning uchun to‘langan 120 ming so‘m pul summasi esa iste’molchiga qaytarildi.
Usmonjon Ruziyev
Farg‘ona shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment