Dasturda yuzaga kelgan qarzdorlik asossiz bo‘lib chiqdi
Farg‘ona tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan «Toshqo‘rgon Aziz» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi A. O‘zganovning ichimlik suvi to‘lovlaridan asossiz qarzdorlik hisoblanayotganligi to‘g‘risidagi yozma murojaati o‘rganildi.
Murojaatchining bildirishicha, ichimlik suvi ta’minoti korxonasidan uning abonent raqamida qarzdorlik mavjudligi ma’lum qilingandan so‘ng, joriy yilning 6 fevral kunida korxonaga kelib, to‘lovlarni hisoblatish jarayonida unga ichimlik suvini hisoblagichi ko‘rsatgichlari dasturga kiritilmaganligi sababli 1 mln 800 ming so‘m miqdorida qarzdorligi yuzaga kelganligi aytilgan. Shundan so‘ng u holatga aniqlik kiritilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab tuman jamiyatiga murojaat qilgan.
Iste’molchining murojaati asosida «Farg‘ona suvta’minoti» MChJ tuman bo‘limi mas’ullari bilan iste’molchi xonadonidagi hisoblagich ko‘rsatkichlari va iste’molchi tomonidan to‘langan to‘lovlar asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar va qayta hisob-kitob ishlari natijasida abonent raqamiga bazada yuzaga kelgan 1 mln 815 ming so‘m qarzdorlikning noreal qarzdorlik ekanligi ma’lum bo‘ldi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, noreal qarzdorlikni tegishli tartibda hisobdan chiqarish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib, iste’molchiga bu haqda yozma javob xati yuborildi.
Shu o‘rinda iste’molchilarga, «O‘zsuvta’minot» AJning rasmiy saytida (cabinet.uzsuv.uz) ularning shaxsiy kabinetlari mavjudligini, unga davriy ravishda kirib, iste’mol ko‘rsatkichlarini nazorat qilib borish imkoniyatga egaliklarini eslatib o‘tamiz.
Farxodjon Rasuljonov
Farg‘ona tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment