Biofaol ozuqaviy qo‘shimchani dori deb sotish to‘g‘rimi?

Biofaol ozuqaviy qo‘shimchani dori deb sotish to‘g‘rimi?

Marg‘ilon shahar «Guliston» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi M. Ch.ning O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Marg‘ilon shahar bo‘limiga qilgan murojaati tegishliligi bo‘yicha iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganildi.

Murojaatchiga ko‘ra, u “Gano Excel Uzbekistan”ning Marg‘ilon filialidan farzandining salomatligini tiklash maqsadida 4 mln 637 ming so‘mga biofaol ozuqaviy qo‘shimchalar (BFQ)dan sotib olgan. Lekin mutaxassis shifokor tomonidan ushbu BFQ mahsulotlari farzandining sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi tushuntirilib, tibbiy xulosa berilganidan so‘ng, u farzandini tibbiyot muassasasida davolatishga qaror qiladi. Shundan keyin u BFQni sotib olgan kompaniya mas’ullariga borib uchrashib, holatni tushuntiradi va mahsulotni ularga topshirib, pulini qaytarib berishlarini so‘raydi. Pulini qaytib berish ishlari paysalga solingach, huquqni muhofaza qilish idorasiga murojaat qiladi.

Murojaat shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida tomonlarga amaldagi qonunchilik talablari bo‘yicha tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilib, uning natijalari bilan M.Ch.ga 4 mln 637 ming so‘m pulini qaytarilishiga erishildi.

Shu yerda iste’molchilarga, mutaxassislarning fikriga ko‘ra, biofaol ozuqaviy qo‘shimchalar dori vositalari sirasiga kirmasligini, kasallikdan forig‘ bo‘lish yo‘lida shifokor maslahati bilan ish yuritish maqsadga muvofiq bo‘lishini ham eslatib o‘tishni o‘rinli deb bilamiz.

Biofaol ozuqaviy qo‘shimchalar (BFQ)ni sotish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga esa, BFQni aholiga realizasiya qilish jarayonida ularni «dori vositasi» deb sotmaslikni, balki mahsulot haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot berishni, aks holda bu holat amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra, iste’molchiga tovar (ish, xizmat) haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilishi sifatida baholanishi hamda tegishli huquqiy ta’sir choralarini keltirib chiqarishi mumkinligini eslatib o‘tamiz.

Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassisi

Post Comment