Servis kompaniyasi mijozga yon berishni ma’qul ko‘rdi
O‘zbekiston tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Olmazor» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi B.A.ning o‘zi tomonidan xarid qilingan yangi gaz plitasi buzilib qolgach, unga servis xizmati ko‘rsatishda yuzaga kelgan muammolar masalasidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u gaz plitasini hududlaridagi «Shodlik kredit savdo» do‘konidan o‘tgan yilning iyun oylarida tovarning 4 mln 17 ming 100 so‘m bo‘lgan qiymatini 12 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilgan. «Artel» savdo belgisi ostida ishlab chiqarilgan mazkur gaz plitasidan muayyan vaqt foydalanib kelgan. Keyinchalik plitaning duxovka qismida nosozlik kuzatila boshlagan, ya’ni duxovkaga yoqilgan gaz o‘z-o‘zidan o‘chib qola boshlagan. Shundan so‘ng ushbu masalada kompaniyaning servis markaziga murojaat qilgan. Lekin servis markazidan xonadonga kelgan usta esa kerakli ehtiyot qismlari yo‘qligini, ustiga-ustak xizmat pulli bo‘lishini aytib ketadi.
Murojaatni o‘rganish jarayonida tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan ushbu masalada servis kompaniyasiga so‘rov kiritildi. Kompaniyadan kelgan javobda iste’molchi joriy yilning 10 may kunida mijozlar bilan ishlash uchun ajratilgan telefon raqamiga murojat qoldirganligi, markaz xodimlari xonadonda plitani ko‘zdan kechirganda mahsulotda kamchiliklar kelib chiqishiga gaz plitani ajratuvchisi (rassekateli) erib ketgani, shuningdek plita suyultirilgan uglevodorod gazi (propan)da ishlatishga emas, balki uning moslamasi tabiiy gaz (metan)da ishlatishga moslashtirilganligi, kafolat kitobida standartlardan chetga chiqishlar, shuningdek elektr tarmog‘i kuchlanishidagi tafovutlar va keskin o‘zgarishlar va hakozo va hakozolar oibatida kelib chiqadigan oqibatlar esa iste’molchi tomonidan pulli asoslarda bartaraf qilinishiga sabab bo‘lishi bayon qilinadi. Shunday bo‘lsada, kompaniya o‘z brendiga mijozlar hurmatini oshirish maqsadida, iste’molchi B.A. bilan yuzaga kelgan holatni bepul asoslarda bartaraf etib berishga qaror qilingani ham qo‘shimcha qilinadi.
Shu o‘rinda haqli savollar tug‘iladi. Iste’molchiga u tovarni xarid qilayotganda, hech bo‘lmaganda, plitani propanda emas, metan yoqilg‘isida ishlatish shartligi tushuntirilganmidi? Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasida «Iste’molchining tovar (ish, xizmat) haqidagi noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot tufayli yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi talablari sotib olingan tovar (ish, xizmat)ning xossalari va jihatlari haqida iste’molchi maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanib qarab chiqiladi», degan norma mavjudligidan sotuvchining, shuningdek ishlab chiqaruvchi vakilining xabari bormikan? Iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda yoki uning nuqsonlari kafolat muddati ichida yuzaga kelganda iste’molchining bir qator huquqlari mavjudligidanchi? Xullas, savollar yetarli darajada. Keling, shu yerda ushbu masalaga juda chuqur kirmagan holda, yuzaga kelgan vaziyatda iste’molchining muammosi hal qilinganligiyu, uning qonuniy talablari bajarilishiga erishilganligi faktida to‘xtalib turaylik.
Isomiddin Abbasov,
O‘zbekiston tuman jamiyati mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment