Sifatsiz o‘rnatilgan eshik va romlarning puli qaytarildi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning A.Qodiriy ko‘chasida yashovchi I.G.ning buyurtma qilingan eshik va romlarning sifatsiz o‘rnatilganligi holati yuzasidan qilgan murojaati o‘rganildi.
Murjaat muallifiga ko‘ra, u iyul oyining boshlarida yashash xonadoniga o‘rnatish uchun «Qurilish mollari bozori» hududidagi savdo do‘konidan 1 dona eshik va romni 1 250 000 so‘mga buyurtma qiladi. Buyurtmani xonadonga o‘rnatish uchun tashrif buyurgan ustalar ishlarini tugallab ketishgach, xonadon egalari ishlar sifatsiz bajarilganligini, eshik va romlarning bir-biriga birlashadigan joylari orasida qiyshiqliklar, bo‘shliqlar borligini payqaydilar. Holat haqida zudlik bilan buyurtmaga mas’ul bo‘lgan do‘kon rahbariga murojaat qilishadi. U iste’molchi e’tirozini to‘g‘ri qabul qilib, tez muddatlarda kamchiliklarni bartaraf qilishga va’da bergan bo‘lsada, ishlar paysalga solib kelinadi.
«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasiga muvofiq, agar ijrochi shartnoma shartlarini ish (xizmat)ni yomonlashtirgan darajada jiddiy buzgan bo‘lsa, yoxud ishda (xizmatda) boshqa jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilishga haqli.
Murojaatni o‘rganish doirasida iste’molchi ijrochi tomonidan bajarilgan ishdagi kamchiliklarni bartaraf qilinishi paysalga solib kelinganidan kelib chiqib, shartnoma bekor qilib, tovar uchun to‘langan pulini qaytarilishini so‘radi. Shu asoslarda ijrochi tomoniga iste’molchining qonuniy talabi yetkazilib, unga 1 250 000 so‘m pulini to‘liq qaytarilishiga erishildi.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment