Yana bir asossiz qarzdorlik bartaraf qilindi
Toshloq tumani Nargiz ko‘chasida yashovchi A.N. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilib, gaz idorasi tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanayotganidan shikoyat qilgan va masalani o‘rganib chiqilib amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u 500 ming so‘m miqdorida qarzdorligi mavjudligidan xabar topgach bunga aniqlik kiritish maqsadida “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali Toshloq tuman bo‘limiga keladi. Bo‘limdagilar unga haqiqatan ham yuqorida keltirilgan summada qarzdorligi mavjudligi, uni to‘lab qo‘yishi lozimligini ma’lum qilishadi. Shundan so‘ng iste’molchi ishonch telefoniga murojaat qilib mazkur masalaga oydinlik kiritilishida yordam so‘raydi.
Murojaat ijroga qabul qilinib, tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan gaz idorasi mas’ullari hamkorligida o‘rganilishi jarayonida esa haqiqatda iste’molchida qarzdorlik yo‘qligi, yuzaga kelgan «qarzdorlik» summasi esa komp’yuter bazasiga ma’lumotlarni noto‘g‘ri kiritib yuborilishi natijasida kelib chiqqanligi ma’lum bo‘ldi. Murojaatni o‘rganish jarayonida mazkur xatolik to‘g‘rilanib, iste’molchiga bu haqda ma’lum qilindi.
Murojaatni o‘rganish doirasida gaz idorasi mas’ullariga amaldagi qonunchilik talablari bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilib, bu kabi xatoliklarni kelgusida takrorlanmasligi chora-tadbirlarini ko‘rish talabi qo‘yildi.
Shohistaxon Rahimova,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Post Comment