Ommaviy shartnoma shartlaridan bexabarlik aholi vakillarida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda

Ommaviy shartnoma shartlaridan bexabarlik aholi vakillarida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda

– Men ushbu korxona bilan shartnoma tuzmaganman, ommaviy shartnoma tuzilganidan xabarim yo‘q, korxona tomonidan xizmat ko‘rsatmagan oylari uchun asossiz qarzdorlik hisoblagan, – deydi Uchko‘prik tumani «Yangiobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro koll-markaz xodimi bilan suhbat jarayonida.

Iste’molchi va koll-markaz xodimi o‘rtasidagi suhbat O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefonida qayd qilingan bo‘lib, uning natijalari bo‘yicha murojaat tegishli ravishda rasmiylashtirilgan hamda hududiy tegishliligi bo‘yicha Uchko‘prik tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilgan. O‘rganish natijalari, iste’molchidan to‘lanishi da’vo qilingan 105 000 so‘m summaning 75 000 so‘mi haqiqatdagi qarzdorlik ekanligini, 30 000 so‘mi esa iste’molchi tomonidan to‘langan summaning abonent shaxsiy hisob raqamiga o‘z vaqtida kelib tushmaganligi oqibatida kelib chiqqanligini ko‘rsatdi.

Shu o‘rinda, aholiga mazkur xizmat turini ko‘rsatayotgan korxona hamda shartnomaning ikkinchi tomoni sifatida, fuqarolar nomidan uni akseptlayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini amaldagi tartib-qoidalar bo‘yicha qanday ishlarni amalga oshirishi kerak, shunga to‘xtalib o‘tsak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 18.05.2018 yildagi «Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» PQ-3730-son qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslarga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari ommaviy shartnomalar asosida ko‘rsatiladi.

Vazirlar Mahkamasining 06.02.2019 yildagi 95-sonli qarori bilan tasdqilangan «Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish qoidalari»ga ko‘ra esa, korxonaning bir qator majburiyatlari, jumladan, o‘ziga biriktirilgan hudud bo‘yicha ommaviy shartnomani ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilishi, hududda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan belgilangan tartibda kelishilgan jadvalga muvofiq, qattiq maishiy chiqindilarning muntazam olib chiqib ketilishini amalga oshirishi, zarur sifatdagi xizmatlar ko‘rsatishi, xizmatlar ko‘rsatishning amaldagi tartibi, talablari, qoidalari va xizmatlar ko‘rsatish tartibining, shuningdek, tariflarining o‘zgarganligi to‘g‘risida bepul ma’lum qilishi, tashkilotning stendida, e’lonlar taxtasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar, ularning amaldagi tariflari, to‘lov shartlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish jadvali, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha jismoniy shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish uchun ommaviy shartnomani joylashtirishi va boshqa bir qator majburiyatlari belgilangan.

Shuning bilan birgalikda, mahalla fuqarolar yig‘inlari o‘z navbatida ommaviy shartnoma nusxasini hamda qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish jadvalini mahalla idorasining aholi tanishi uchun qulay joyiga joylashtirishi ham bu boradagi turli tushunmovchiliklarni oldini olgan bo‘lar edi.

Sardor Mirzajonov,
tuman jamiyati raisi.

Post Comment