Sotuvchidan maqbul sifatdagi gilamni almashtirib olish mumkinmi?
Savolga qisqagina qilib «ha» deb javob berish mumkin, lekin ushbu jarayonning biz bilishimi va e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan o‘ziga xos tomonlari ham bor.
Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga «Kokilon» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi X.R. dan kelib tushgan murojaat aynan xarid qilingan gilamni xona o‘lchamiga mos kelmagani vaji bilan sotuvchiga qaytarish borasidadir. Iste’molchi murojaatida uning tomonidan 2 950 000 so‘mga xarid qilingan gilam xona o‘lchamiga mos kelmagan, shu sababdan gilamni boshqasiga almashtirish yoki pulini qaytarishda amaliy yordam ko‘rsatilishi so‘ralgan. O‘rganishda iste’molchi o‘zi buyurtma berish jarayonida xona o‘lchamlarini hisoblashda biroz xatolikka yo‘l qo‘yganligi ma’lum bo‘ldi. Shunday bo‘lsada, o‘rganish ishlari davomida sotuvchi gilamni xona o‘lchamiga mos bo‘lgan gilam bilan almashtirib berib, iste’molchi muammosini bartaraf etdi. Lekin …
Shu o‘rinda, iste’molchilarga gilamlarni va gilam qoplamalari (metrlab kesib sotiladiganlari)ni xarid qilishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan bitta holatni eslatib o‘tishni joiz deb bilamiz. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchi maqbul sifatdagi nooziq-ovqat tovarini xarid qilingan kundan e’tiboran 10 kun ichida sotib olingan joydagi sotuvchidan almashtirib olishi mumkin. Amalda ushbu norma gilamlarga nisbatan ham qo‘llaniladi. Buning uchun gilam turli o‘lchamlarda (2×3, 3×4 va shu kabi ko‘rinishda) alohida mustaqil va tayyor holatda sotilgan bo‘lishi, shuningdek uning tovar ko‘rinishi, iste’mol xossalari, tovar yorliqlari saqlangan bo‘lishi va u iste’mol qilinmagan bo‘lishi talab etiladi. Lekin metrlab kesib sotiladigan gilam qoplamalarini, agar ularda hech qanday nuqsonlar bo‘lmasa, sotuvchidan almashtirib ololmaysiz. Chunki ular qonunning 18-moddasidagi normalardan kelib chiqqan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ning 1-ilovasidagi almashtirilmaydigan tovarlar ro‘yxatiga kiritilgan. Shundan kelib chiqqan holda, biz barcha iste’molchilarni metrlab sotiladigan tovarlarni xarid qilishda e’tiborliroq bo‘lishga chaqirib qolamiz.
Farxodjon Xaydarov,
shahar jamiyati raisi.
Post Comment