Sotuvchi qonunchilik talablarini belgilangan tartib va muddatlarda bajarmaganligi uchun shartnoma bekor qilindi
Bag‘dod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Yuksalish» mahalla fuqraolar yig‘ini hududida yashovchi T.N.ning xarid qilingan «Kukmara» rusumidagi qozon sifati talab darajasida chiqmaganligi holati yuzasidan qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.
Iste’molchi murojaatida, ovqat pishirishga mo‘ljallangan ushbu maishiy buyumni tuman markazidagi savdo do‘konidan qiymatini nadq to‘lab, 514 000 so‘mga sotib olganligini, lekin unda tayyorlangan taomlardan metall ta’mi kelib turishi, shuningdek talab darajasida taom tayyorlanishi uchun zich yopilishi kerak bo‘lgan qopqoq qismida yoriq mavjudligini, sotuvchi bilan ushbu tovarni boshqasiga almashtirish yoki pulini qaytarib berilishi masalasida murosaga kela olmayotganligini ma’lum qiladi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchi xarid qilingan tovarda nuqson mavjudligini aniqlasa, sotuvchiga bunday tovarni almashtirish talabi bilan murojaat qilishi mumkin. Agar sotuvchi belgilangan tartib va muddatlarda qonunchilik normalarida keltirib o‘tilgan tegishli chora-tadbirlarni ko‘rmasa, iste’molchida bunday tovarni sotuvchiga qaytarib, shartnomani bekor qilish hamda o‘ziga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni qoplanishini talab qilish huquqi vujudga keladi.
Murojaatni o‘rganish davomida tomonlarga qonunning yuqoridagi talablari tushuntirildi va yuzaga kelgan holat bo‘yicha qonunchilik talablaridan kelib chiqib, nuqsonli ekanligi da’vo qilingan tovar sotuvchiga, 514 000 so‘m pul esa iste’molchiga qaytarildi.
Dilorom Mirzayeva,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Post Comment