Zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotuvchiga qaytarilib, uni boshqasiga almashtirib berildi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning Yangi asr ko‘chasida yashovchi fuqaro Sh.A.ning bo‘lib to‘lash shartlarida 6 500 000 so‘mga xarid qilingan smart televizordan foydalanishda yuzaga kelgan muammolar yuzasidan qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u yuqorida nomi keltirilgan rusumdagi televizorni sotib olib xonadoniga keltirganida smart televizorni ichki dasturlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda muammoga duch kelgan. Shundan so‘ng sotuvchi vakillari tomonidan televizor olib ketilib, ro‘yxatdan o‘tkazib keltirib berilgan. Qizig‘i, registratsiyadan o‘tkazilganda televizorning brendi uning tashqi qismida ko‘rsatilganidan boshqa brendni ko‘rsatgan. Shunday bo‘lsada, iste’molchi televizorni qabul qilib olishga majbur bo‘lgan. Biroq oradan ma’lum vaqt o‘tib uning masofadan boshqarish moslamasi ishdan chiqqach, boshqa shunday moslama topish bo‘yicha qilingan sa’y-harakatlardan natija chiqmagan. Shundan so‘ng iste’molchi maqbul sifatda bo‘lmagan ushbu televizorni boshqasiga almashtirilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Federatsiyaning Marg‘ilon shahar jamiyatiga murojaat qilgan. Murojaat hududiy tegishliligi bo‘yicha Farg‘ona shahar jamiyatiga yo‘naltirilgan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchiga tovar haqida noto‘g‘ri ma’lumot berilgan va bu holat zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir. Shundan kelib chiqqan holda, Federatsiyaning Farg‘ona shahar jamiyati xodimlari tomonidan sotuvchiga olib borilgan tushuntirish ishlari davomida zarur iste’mol xossasiga ega bo‘lmagan tovar uchun tuzilgan shartnomani bekor qilinishiga va televizorni maqbul sifatdagi boshqa rusumda bo‘lgan teng qiymatli televizorga almashtirilib, iste’molchi muammosi bartaraf etilishiga erishildi.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Post Comment