Kafolat muddati ichida nuqson aniqlangan kondisioner bepul ta’mirlatildi
Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumandagi «Qumariq» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi S. A. ning, uch yillik kafolat muddati bilan, tovar qiymatini bo‘lib to‘lash shartlari asosida xarid qilgan kondisioneri nosoz holatga kelib qolganligi bois uni ta’mirlatib berishda yordam so‘rab qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.
Iste’molchiga ko‘ra, uning tomonidan 2023 yilning yoz oylarida tuman markazidagi “Garant” kredit savdo do‘konidan uch yillik kafolat muddati bilan xarid qilingan “Avalon” rusumli kondisionerda, oradan bir yarim yil o‘tib, ya’ni shu yilning qish mavsumiga kelib, nosozlik kuzatilgan. Nosozlik kondisionerning qishki rejimda yaxshi ishlamasligi, aniqrog‘i issiq havo haydamaslik ko‘rinishida namoyon bo‘lgan. Bu borada servis markaziga murojaat qilinganida esa nosozlik pulli asoslarda bartaraf etib berilishi ma’lum qilingan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlar va xizmatlarga ishlab chiqaruvchi (ijrochi) tomonidan kafolat muddati belgilanadi hamda ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati mobaynida tovar (xizmat)ning, shu jumladan, butlovchi buyumlarning normal ishlashini (qo‘llanilishini, ulardan foydalanilishini) ta’minlaydi. Qonun talablarini bajarilmasligi yoki ularni bajarishdan bo‘yin tovlash esa tegishli tartibda javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Shu nuqtai nazardan, masalaga tuman jamiyati mutaxassislari aralashuvi bilan, qonun talablari ijrosi ta’minlanishiga, servis markazi tomonidan muammo tez fursatda hal qilinib, kondisionerdagi nuqson bepul asosda bartaraf etib berilishiga erishildi. Murojaatni o‘rganish doirasida tomonlarga iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik targ‘iboti olib borildi.
Husnidaxon Yakubova,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Post Comment