Farg‘onada xalqaro kitobxonlik festivalini o‘tkazishga hozirlik ko‘rilmoqda

Farg‘onada xalqaro kitobxonlik festivalini o‘tkazishga hozirlik ko‘rilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.12.2020 yildagi 781-son qarori bilan 2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi tasdiqlangan, qarorga ko‘ra, 2021 yildan boshlab aprel oyining birinchi haftasi “Kitobxonlik haftaligi” etib belgilanib, respublikamizning boshqa hududlari qatori, har yili, Farg‘ona viloyatida ham namnuaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan edi. Farg‘ona viloyatida 2025 yilni «Kitobxonlik yili» deb e’lon qilinishi ortidan mazkur tadbir ko‘lamini yanada kengaytirish, ushbu yo‘nalishda xalqaro festival o‘tkazish tashabbusi yuzaga keldi.

 

Bugun Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat Axborot-kutubxona markazida yilning 5-7 may kunlari Farg‘ona shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan mazkur «Xalqaro kitobxonlik festivali» tashkilotchilarining ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvi o‘tkazildi. Unda viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzodjon Polvonov hamda boshqa mas’ullar tomonidan tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha rejalashtirilayotgan ishlar yuzasidan axborotlar berib o‘tildi.

Ta’kidlandiki, Farg‘ona shahrining Kashtanzor ko‘chasi bo‘ylab maxsus pavilion tayyorlash, uning hududiga «Kitob monumenti»ni o‘rnatish, festivalga qo‘shni respublikalardan mehmonlarni taklif etish, festival doirasida xalqaro kitobxonlik yarmarkalari, turli mavzulardagi ko‘rgazmalar, milliy tarixiy fil’mlar namoyishlari, yozuvchilar bilan uchrashuvlar, konsertlar va boshqa ko‘ngilochar dasturlar loyihalarini mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilmoqda va bu borada qo‘shimcha takliflar yig‘ilmoqda.

Tadbir doirasida barchani mazkur xalqaro tadbirni tashkillash va o‘tkazishda hamda uni nufuzli xalqaro anjumanlar qatoriga olib chiqishda faol ishtirok etishga chaqirilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi hamda ular tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza hamda takliflar tinglandi.

Post Comment

Sizga qiziqarli bo'lishi mumkin