Uzrli sabab bilan qoldirilgan aviareys chiptasi puli qaytarildi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Farg‘ona tumanining «Yangi ariq» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi A.A.ning Rossiyaga uchish uchun 3 500 000 so‘mga xarid qilingan aviachipta uzrli sabablar bilan qaytarilgan bo‘lsada, pulini qaytarib ololmayotganligi xususida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ishonch telefoniga qilgan murojaati tegishliligi bo‘yicha o‘rganildi.
Iste’molchining o‘rganishga bildirgan qo‘shimcha tushuntirishlaridan ma’lum bo‘lishicha, unga 10 nafardan iborat guruh tarkibida Rossiya Federatsiyasining Irkutsk shahriga uchish uchun bilet xarid qilingan. Lekin uchish kunida aeroport xodimlari unda Rossiyaga kirish uchun taqiq borligini ma’lum qilib, qo‘liga aviachipta pulini qaytarib olishiga asos bo‘luvchi dalolatnomani tutqazganlar. Biroq uning ushbu hujjat asosida pulini qaytarib olish bo‘yicha qilgan sa’y-harakatlari samara bermagach, ishonch telefoniga murojaat qilib amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
O‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, aviachipta Farg‘ona shahridagi aviachiptalarni sotish shoxobchasidan joriy yilning 4-fevralida xarid qilingan bo‘lib, parvoz 21-fevral kuni S7 Airlaines aviatashuvchisi vositasida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan. Lekin uzrli sabablar bilan uchish bekor qilinganidan so‘ng ushbu shoxobchaga pulini qaytarish maqsadida qilgan murojaatiga «bilet qaytarilmaydigan tarifda xarid qilingani» aytilib, rad javobi berilgan. O‘rganish davomida shoxobchadagi mas’ullarga amaldagi qonunchilik talablari va ularning ijrosini ta’minlanmasligi natijasida kelib chiquvchi huquqiy oqibatlar tushuntirilgach, A.A.ga aviachipta uchun to‘lagan pulini qaytarilishiga erishildi.
Mansurjon Toshkanov,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Post Comment