Iste’molchiga asossiz qarzdorlik hisoblanishi holati qayd qilinmadi
Rishton tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Bog‘iston» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Sh.R.ning tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha to‘lovlardan 1 400 000 so‘m qarzdorlik kelib chiqayotganligi, iste’mol ko‘rsatkichlari va amalga oshirilgan to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik yoki haqdorlik holatiga oydinlik kiritib berilishini so‘rab qilgan yozma murojaati o‘rganildi. Iste’molchi murojaatida joriy yilning fevral hamda mart oyi boshida to‘lovlarni amalga oshirgan bo‘lsada, qarzdorlik bartaraf bo‘lmaganligini bayon qiladi.
Mazkur murojaat asosida o‘rganish o‘tkazish davomida tuman gaz idorasiga so‘rov xati kiritildi hamda iste’molchi xonadonidagi hisoblagich ko‘rsatkichlari va uning tomonidan amalga oshirilgan to‘lovlar bilan tanishildi. Shuningdek, o‘rganish davomida, iste’molchi murojaatida qayd etilmagan to‘lovlar, ya’ni tuman jamiyatiga murojaat kiritgan kundan bir kun oldin hamda 5 kun keyin amalga oshirgan to‘lovlari ham qayta hisob-kitob ishlarida ko‘rib chiqildi.
Murojaatni o‘rganishda to‘plangan hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, qarzdorlik noyabr-fevral oylaridagi har oylik ijtimoiy norma (500 metr kub)dan jami olinganda 1 389 metr kub oshib ketishi hisobidan kelib chiqqanligi, iste’molchi to‘lovlarni amalga oshirganda ijtimoiy normadan oshib ketish holatlarini hisobga olmaganligi ma’lum bo‘ldi. O‘rganish ishlari davomida tomonlarga amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilib, iste’molchiga oxirgi marotaba amalga oshirilgan to‘lovlar bilan qo‘shib hisoblaganda 63 342 so‘m miqdorida haqdorligi haqida yozma ma’lumot berildi.
Husniddin Latipov,
tuman jamiyati mutaxassisi.
*Foto sun’iy intellekt yordamida generatsiya qilingan
Post Comment