Kontrafakt mahsulotlar sotilishi holatlari qayd qilindi

Kontrafakt mahsulotlar sotilishi holatlari qayd qilindi

Kontrafakt tovar deganda intellektual mulk to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan holda muomalaga kiritilgan tovar tushuniladi. Kontrafakt tovarni haqiqiysi (originali)dan ajratish doim ham oson ish emas. Aytaylik, olim kechani kecha, kunduzni demay mehnat qilib, kitob yozdi va uni chop ettirib, sotuvga chiqardi. Lekin yana kimdir ushbu kitobni aynan o‘xshash shaklda, rang va bezaklarda, o‘xshash materiallardan foydalangan holda bosmadan chiqarib, uyam sotuvga chiqarib yubordi. Kitobni muallifi va nomiga qarab sotib olayotgan o‘quvchi buni farqiga bora oladimi? Kontrafakt nusxa o‘ta sifatsiz materiallardan tayyorlangan va sifatsiz bosilgan holatlarni istisno qilganda, agar ikkalasi ham birdek qilib bosmadan chiqarilgan bo‘lsa buni farqlab olish qiyin kechadi.

Faoliyatida xuddi shunday holatga duch kelgan Xorazm viloyatilik ingliz tilini zamonaviy shakllarda o‘rgatish bo‘yicha qo‘llanmalar hammuallifi J.Qutimov Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Farg‘ona viloyatidagi bo‘limlariga murojaat qilgan. Murojaat unda qo‘llanmalarning kontrafakt nusxalari sotilayotganligi aytib o‘tilgan hududlar bo‘yicha Bag‘dod hamda Rishton tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari mutaxassislari tomonidan, muallifning kontrafakt va haqiqiysini ajratib olish bo‘yicha tavsiyalari asosida, o‘rganilganda, haqiqatan ham ushbu hududlarda mazkur qo‘llanmalarning kontrafakt nusxalari bilan savdo qilinishi holatlari qayd qilindi.

Xususan, kitoblar savdosi faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan va o‘rganilgan sotuvchilardan Rishton tumanida 3 tasidan 2 tasida, Bag‘dod tumanida esa bittasida «Multilevel master» turkumidagi qo‘llanmalarning kontrafakt nusxalari savdoda mavjudligi kuzatilib, aniqlangan holatlarga huquqiy baho berilishi uchun intellektual mulk sohasidagi huqubuzarliklarni nazorat qilish bo‘yicha vakolatli organ hisoblangan viloyat adliya boshqarmasiga ma’lumotnomalar kiritildi.

Qahramon O‘rinov,
Xusniddin Latipov,
Bag‘dod va Rishton tuman jamiyatlari mutaxassislari.

Post Comment