Jamoatchilik nazorati: formal huquqiy me’yordan ta’sirchan jamoaviy institutgacha

Jamoatchilik nazorati: formal huquqiy me’yordan ta’sirchan jamoaviy institutgacha

O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash, fuqarolarning davlat ishlarida ishtirokini kuchaytirish masalalari so‘nggi yillarda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu jarayonda jamoatchilik nazorati instituti alohida o‘rin tutadi. U fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik ta’sirini kuchaytirish va ijtimoiy adolatni ta’minlashning muhim huquqiy mexanizmi sifatida qaralmoqda.

Shu bilan birga, amaldagi “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunni tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, mazkur institut hanuzgacha to‘liq ishlaydigan, ta’sirchan va zamonaviy talablarga javob beradigan huquqiy vositaga aylanmagan. Qonundagi ayrim normalar deklarativ xarakterga ega bo‘lib, davlat boshqaruvida yuz berayotgan chuqur institusional o‘zgarishlarni to‘liq qamrab ololmayapti.

Nazorat doirasining cheklanganligi — asosiy tizimli muammo

Qonunning eng asosiy muammolaridan biri — jamoatchilik nazorati ob’ektining yetarlicha aniq va keng belgilanmaganidir. Amalda “davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan” degan umumiy ta’rif qo‘llaniladi. Biroq bugungi kunda davlat faqat klassik ma’nodagi vazirliklar, idoralar va byudjet tashkilotlari orqali emas, balki mutlaqo boshqa tashkiliy-huquqiy shakllar orqali ham o‘z funksiyalarini amalga oshirmoqda.

Xususan, davlat ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyatlari, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, milliy xoldinglar, kvazi-davlat sektor sub’ektlari iqtisodiyot va ijtimoiy sohada hal qiluvchi rol’ o‘ynayapti. Bundan tashqari, ta’lim va boshqa ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish sohasida davlatning ayrim funksiyalari nodavlat, hatto avtonom tashkilotlarga o‘tkazilmoqda. Amalda esa ushbu tuzilmalar “tadbirkorlik sub’ekti” degan bahona bilan jamoatchilik nazorati doirasidan chiqib ketmoqda.

Fikrimizcha, aynan shu yerda jamoatchilik nazorati institutining samaradorligi keskin pasayadi. Davlat mablag‘lari sarflanayotgan, jamoat manfaatlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan faoliyat ustidan jamoatchilik ta’sirining yo‘qligi ochiqlikka, javobgarlikka va adolat tamoyillariga zid holatni yuzaga keltiradi. Shu bois, qonunchilikda nazorat ob’ektlarini kengaytirish va ularni aniq belgilash — bugungi kunning kechiktirib bo‘lmaydigan vazifasidir.

Sohaviy qonunchilik va parchalangan yondashuv oqibatlari

Jamoatchilik nazoratiga oid yana bir tizimli muammo — uning sohaviy qonunchilikda nomutanosib va parchalangan holda aks etishidir. So‘nggi yillarda qabul qilingan ayrim qonunlarda jamoatchilik nazorati normalari kiritilgan bo‘lsa-da, ilgariroq qabul qilingan qonunlarda, jumladan ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi eng ustuvor ijtimoiy sohalarda bu institut deyarli nazarda tutilmagan.

Bizningcha, har bir sohaviy qonunga alohida o‘zgartirish kiritish yo‘li samarasiz, chunki bu jarayon katta vaqt va resurs talab qiladi. Bundan tashqari, bunday yondashuv huquqiy tizimda yagona va barqaror mexanizm yaratishga imkon bermaydi. Shu nuqtai nazardan, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunda jamoatchilik nazorati sub’ektlarining huquqlari cheklanmasligi haqida qat’iy kafolat normasini joriy etish eng to‘g‘ri va tizimli yechim sifatida namoyon bo‘ladi.

Sub’ektlar va ob’ektlar o‘rtasidagi huquqiy muvozanat

Jamoatchilik nazorati sub’ektlarini belgilash masalasi ham alohida yondashuvni talab qiladi. Konstitusiyada mustahkamlangan vijdon erkinligi, diniy tashkilotlarning davlatdan ajratilgani prinsiplari diniy tashkilotlarni jamoatchilik nazorati sub’ekti sifatida belgilashda ehtiyotkorlikni talab qiladi. Fikrimizcha, bu kabi tashkilotlarni sub’ektlar qatorida qoldirish huquqiy va ijtimoiy ziddiyatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shu bilan birga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari — mahallalar masalasi ham qayta ko‘rib chiqilishga muhtoj. Bugungi kunda mahallalarga davlatning ayrim funksiyalari bosqichma-bosqich berib borilmoqda. Demak, ular faqat jamoatchilik nazorati sub’ekti emas, balki davlat vakolatlarini amalga oshiruvchi tuzilma sifatida jamoatchilik nazorati ob’ektiga aylanmoqda. Xulosa shuki, bu masala huquqiy jihatdan ochiq va aniq hal etilmas ekan, javobgarlik va hisobdorlik masalalari ochiq qolaveradi.

Nazorat shakllarini kengaytirish — samaradorlik garovi

Amaldagi qonunda jamoatchilik nazorati shakllari sanab o‘tilgan bo‘lsa-da, jamoatchilik tekshiruvi kabi muhim shakl nazarda tutilmagan. Holbuki, ma’lumotlar va hujjatlar bilan tanishish, ijtimoiy ahamiyatga ega faoliyatni tekshirish jamoatchilik nazoratining eng ta’sirchan usullaridan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, amaliyot ko‘rsatmoqdaki, jamoatchilik nazorati ko‘p hollarda bir vaqtning o‘zida bir necha shaklda o‘tkazilishiga ehtiyoj sezadi. Masalan, monitoring o‘tkazilib, uning natijalari bo‘yicha jamoatchilik eshituvi yoki muhokama tashkil etish zarurati tug‘iladi. Shu sababli, qonunda bunday imkoniyatni aniq belgilash jamoatchilik nazoratining ta’sirchanligini sezilarli darajada oshiradi.

Nazorat shakllarini kengaytirish — samaradorlik garovi

Amaldagi qonunda jamoatchilik nazorati shakllari sanab o‘tilgan bo‘lsa-da, jamoatchilik tekshiruvi kabi muhim shakl nazarda tutilmagan. Holbuki, ma’lumotlar va hujjatlar bilan tanishish, ijtimoiy ahamiyatga ega faoliyatni tekshirish jamoatchilik nazoratining eng ta’sirchan usullaridan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, amaliyot ko‘rsatmoqdaki, jamoatchilik nazorati ko‘p hollarda bir vaqtning o‘zida bir necha shaklda o‘tkazilishiga ehtiyoj sezadi. Masalan, monitoring o‘tkazilib, uning natijalari bo‘yicha jamoatchilik eshituvi yoki muhokama tashkil etish zarurati tug‘iladi. Shu sababli, qonunda bunday imkoniyatni aniq belgilash jamoatchilik nazoratining ta’sirchanligini sezilarli darajada oshiradi.

Javobgarlik va ochiqlik: qonunning ta’sir kuchini oshirish omillari

Jamoatchilik nazorati natijalarini jamoatchilikka e’lon qilish masalasi qonunchilikda yetarli darajada mustahkamlanmagan. Holbuki, ochiqlik jamoatchilik nazoratining asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi. Nazorat natijalari jamoatchilikka yetib bormasa, bu institut o‘z ma’nosini yo‘qotadi.

Shu bilan birga, jamoatchilik nazorati tadbirlariga turli shakllarda to‘sqinlik qilish holatlari ham uchrab turibdi. Muallif fikricha, jamoatchilik nazorati sub’ektlarining qonuniy faoliyatiga aralashish, ularga bosim o‘tkazish yoki sun’iy to‘siqlar yaratish uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish qonunning real ta’sir kuchini oshirishga xizmat qiladi.

Yakuniy xulosa

Jamoatchilik nazorati instituti davlat boshqaruvini demokratlashtirishning muhim elementi bo‘lib, uning samaradorligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonunchilik bazasining mukammalligiga bog‘liq. Amaldagi tahrirda qonun jamiyatdagi real ijtimoiy-iqtisodiy va institusional o‘zgarishlardan ortda qolmoqda.

Nazorat ob’ektlarini kengaytirish, sub’ektlar va ob’ektlar o‘rtasida aniq huquqiy chegaralar belgilash, nazorat shakllarini boyitish hamda javobgarlik mexanizmlarini kuchaytirish orqaligina jamoatchilik nazorati haqiqiy, ta’sirchan va ishlaydigan institutga aylanishi mumkin. Aks holda, u yaxshi niyatlar bilan qabul qilingan, ammo amalda cheklangan imkoniyatlarga ega bo‘lgan qonun sifatida qolib ketish xavfini saqlab qolaveradi.

G‘ayrat Mamatkulov,
O‘IHHQJF Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi matbuot xizmati rahbari.

Отправить комментарий