Ikki oyga kafolat berilgan tovar bir oy o`tmasdan 3 marta buzildi
– 2020 yilning mart oyida tumanimizdagi ehtiyot qismlari do`konidan «TEXA» rusumli chilangarlik apparatini 950 000 (to`qqiz yuz ellik ming) so`mga sotib oldim. Sotuvchi apparatga 2 oylik kafolat muddati belgilab, kafolat taloniga yozib berdi, – deb boshlaydi Quva tumanida yashovchi Z.S. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti ishonch telefoniga qilgan og`zaki murojaatini, – Apparat oradan 4 kun o`tgach kuyib qoldi. Sotuvchiga borsam “Bu elektr kuchlanishdan bo`lgan”, deb meni o`ziga tanish ustaga jo`natdi. Usta apparatni tuzatgan bo`lib mendan 300 000 (uch yuz ming) so`m oldi. Lekin oradan 3 kun o`tib yana buzilgan apparatni tuzatish uchun xuddi shu ustaga yana 100 000 so`m berdim. Hozirda apparat yana kuyib qolgan. Iltimos, mazkur apparatni almashtirish yoki pulimni qaytarishda yordam ko`rsatsangiz.
Federatsiyaning Quva tuman jamiyati xodimlari tomonidan sotuvchi – faoliyatini tumandagi “Rasta” buyum bozori hududida amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkor B.B. ishtirokida o`rganish ishlari o`tkazilganda, chilangarlik apparati haqiqatan ham yuqorida keltirilgan summaga xarid qilinganligi, tovarga ikki oy kafolat muddati belgilanganligi, apparat xarid qilingandan 4 kun o`tib iste’molchi o`z e’tirozlari bilan kelganligi, sotuvchi uni o`ziga tanish usta huzuriga yuborganligi, apparat pulli asoslarda ta’mirlatilganligi kabi holatlar o`z tasdig`ini topdi.
Sotuvchiga O`zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonun va “O`zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari” talablari tushuntirildi. Unga qonun talablaridan kelib chiqib, nuqsonli tovarni maqbul sifatlisiga almashtirish, buning imkoni bo`lmagan taqdirda esa tovar uchun to`langan pulni qaytarish taklifi bildirildi. Sotuvchi nuqsonli tovar uchun to`langan 950 000 so`m pulni iste’molchiga qaytarib berib, o`zining zimmasidagi majburiyatini ado qildi.
Axmadjon Tuxtaboyev
Quva tumani IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment