Yomg`irdan so`ng yorilgan shiferlar to`lig`icha almashtirildi
Farg`ona viloyati Buvayda tumanida yashovchi fuqaro X. Аbdullaev yangi qurayotgan uyining tom qismini yopish maqsadida Buvayda tumani Yangiqo`rg`on qishlog`ida joylashgan qurilish savdo do`konidan shifer mahsulotlarini sotib oladi. Аmmo oradan hech qancha vaqt o`tmay yomg`ir oqibatida xonadoni tom qismiga qadalgan shiferlar yorilib ketadi. Fuqaro X. Аbdullaev ushbu holat yuzasidan do`kon sotuvchisiga noroziligini bayon etadi, lekin uning vajlari yarim yo`lda qolib ketadi. Shundan so`ng isteʼmolchi Buvayda tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.
Jamiyat hodimlari tomonidan ushbu murojaat O`zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi va “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonunlari asosida o`rganildi va o`rganuv jarayonida quyidagilar maʼlum bo`ldi:
Isteʼmolchi tuman markazidagi qurilish mollari savdo do`konidan har biri 32000 so`mdan, jami 3200000 so`mga 100 dona shifer mahsulotlarini naqd pulga sotib olib, usta yollab xonadoni tomiga qadagan. Oradan hech qancha vaqt o`tmay yoqqan yomg`irdan so`ng esa …
Murojaatni har taraflama o`rganish maqsadida sotuvchi ishtirokida X.Аbdullaevning xonadoniga tashrif buyurildi. Qadalgan shiferlar “Quvasoyshifer” ochiq aktsiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilganligi va ish mahsulotga ilova qilingan yo`riqnoma asosida bajarilganligi maʼlum bo`ldi.
O`rganish doirasida sotuvchiga “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʼgʼrisida”gi qonunning tegishli moddalari talablari, xususan uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlar va xizmatlarga ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati belgilashi lozimligi, kafolat muddati tovar isteʼmolchiga sotilgan yoki xizmat ko`rsatilgan kundan boshlab hisoblanishi (11-modda), isteʼmolchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar yetti kunlik muddatda, tovar sifatini qo`shimcha ravishda tekshirish zarur bo`lganda esa, isteʼmolchi talab qo`ygan paytdan eʼtiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shartligi (14-modda) yuzasidan tushunchalar berildi. Shundan so`ng sotuvchi tashabbusi va isteʼmolchining roziligi asosida 100 dona shifer boshqa korxona mahsulotiga almashtirib berilishiga erishildi.
Isteʼmolchi murojaati ijobiy hal etilganligi uchun minnatdorchilik bildirdi.
Mirzoxid Nuraliev
Buvayda tumani isteʼmolchilar
huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassisi
Post Comment