Muammolarning kelib chiqish sabablari hamda ularni bartaraf etish borasidagi xulosa va takliflar
– mustaqil tadqiqotdan ko‘zlangan maqsad nima?
– muammolarning eng asosiy sabablaridan biri to‘laqonli ma’lumot berilmayotganligida(mi)?
– huquqiy bilim yetishmasligiga qonun sababchimi yoki iste’molchilarimizning ma’rifatli bo‘lishidan manfaatdor emasmizmi?
– iste’molchi tushunchasini fuqaro (jismoniy shaxs) doirasi bilan cheklab qo‘yilishi qanchalik to‘g‘ri?
– muammoni eng quyida hal qilish yo‘li turganda idorama-idora yurishimiz to‘g‘rimi?
– iste’molchilar jamoat birlashmalariga huquq va vakolatlar berishdan nega cho‘chiymiz?
Shu va shular haqida quyida o‘qing!
Bozor iqtisodiyotini soat mexanizmiga qiyoslagim keladi. Ana shu mexanizmning qaysidir detali o‘z funksiyasini to‘g‘ri bajarmasa yoki unga begona bo‘lgan detal zo‘rlab tiqishtirib qo‘yilsa, u o‘z-o‘zidan noto‘g‘ri ishlay boshlaydi yoki umuman to‘xtab qolishi ham mumkin. Demak, mexanizmning har bir detali o‘z o‘rnida bo‘lmog‘i va o‘z funksiyalarini to‘g‘ri uddalamog‘i lozim.
Yana bir o‘xshatish. Ushbu mexanizmni nima yoki qanday kuch harakatga keltiradi? Bu zaruriy detalning nomi iste’molchidir. Tovarlar ishlab chiqarilar ekan, xizmatlar ko‘rsatilar ekan, uni kimdir iste’mol qilishi kerak. Iste’mol bo‘lmas ekan, ushbu faoliyatning ham keragi bo‘lmaydi.
Demak, bozor iqtisodiyotini harakatlantiruvchi kuch sifatida iste’molchi markaziy o‘rinda turadi.
Rivojlangan Janubiy Koreyada “consumer centered management”, ya’ni “mijozlarga, ularning talablariga yo‘naltirilgan boshqaruv” degan fan darajasida ko‘riladigan sohaning mavjudligi ham bejizga emas. Buni qisqacha mazmuni shundan iborat ekanki, agar gaz plitasi lozim darajada ishlamasa, ular buning sababini, aybni iste’molchidan, gaz bosimidan, ob-havodan qidirishdan ko‘ra, ana shu gaz plitasini amaldagi sharoitda ishlay oladigan darajaga keltirish ustida bosh qotirar ekanlar.
Men “Bugungi kunda iste’molchilarni qiynab turgan muammolarning kelib chiqishini asosiy sabablari, ularni keltirib chiqarayotgan omillarni o‘rganish va yoritish” loyihasi bo‘yicha mustaqil tadqiqot olib bordim. Bu ishni amalga oshirish doirasida Farg‘ona viloyatidagi sohaga daxldor idoralar mutaxassislari bilan fikrlar almashildi, aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi, iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlarni va ularda ko‘tarilayotgan muammolarni tahlil qilindi, shaxsiy kuzatuvlar va sohada mehnat faoliyati olib borish davomida to‘plangan tajribaga asoslanildi.
Olib borilgan ishlarning yakuni bo‘yicha fikr va mulohazalarni esa Siz bilan o‘rtoqlashmoqchiman. Quyida matnda “Qonun” deyilganda O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni, “Ma’muriy javobgarlik kodeksi” deyilganda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi nazarda tutiladi.
Muammolarni keltirib chiqarayotgan sabab va omillar
Iste’molchining eng asosiy huquqlaridan biri ma’lumot olish huquqidir. Lekin ko‘cha-kuyda, idora va tashkilotlarda uning bu huquqi qay darajada ta’minlab berilmoqda? Aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomamizda ham unda qatnashgan respondentlarning 26,3 foizi muammolarning kelib chiqish sabablaridan biri sifatida aynan “Iste’molchiga oldi-sotdi (ish va xizmatlardan foydalanish) jarayonida shu tovar (ish, xizmat)ga oid bo‘lgan, yetarli darajadagi ma’lumot berilmasligi”ni belgilagan.
Ayrim savdo do‘konlariga kirsangiz tovarlarning, oshxonalarga kirsangiz tayyor taomlarning narxlari yozib qo‘yilmagan. Bozorniku qo‘yavering. Sartaroshga soch-soqolingizni oldirmoqchi bo‘lsangiz xizmat narxlarini oldindan so‘rab olishga majbursiz. Avtobus bekatiga kelsangiz bu yerdan qanday yo‘nalishlardagi avtobuslar o‘tishini o‘tgan ketganlardan so‘ramaslikning iloji yo‘q. Avtobusga chiqsangiz tushadigan bekatingizni qayta–qayta eslatib borasiz, chunki haydovchi ko‘pincha qaysi bekatga to‘xtaganligini e’lon qilib bormaydi. Vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan o‘qituvchi yoki bog‘cha tarbiyachisini qo‘lida tibbiy ko‘rikdan o‘tish bilan bog‘liq harajatlar kimning hisobidanligi to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘q. Aksariyat tovarlar sotilgandan so‘ng qaytarib olinmaydi, lekin sotuvchilar oldi-sotdi amalga oshiilayotganda Sizga bu haqda ma’lumot bermaydi.
Xullas, kuni bo‘yi “Qancha?”, “Necha pul?”, “Qaerga?” kabi savollarni beraverasiz-beraverasiz. Sotuvchi (xizmat ko‘rsatuvchi) xodim ham kerakli ma’lumotni ko‘zga ko‘rinarli joyga osib qo‘yishdan ko‘ra, kun bo‘yi javrab o‘ziniyam, asablariniyam tugatish yo‘lidan ketaveradi.
Qisqa qilib aytganda, bugun iste’molchining ma’lumot olish huquqi yetarli darajada, to‘laqonli ta’minlab berilayapti, deya olmaymiz.
Iste’molchining ma’lumot olish huquqini ta’minlab berilmaganligi uchun hech qanday huquqiy ta’sir choralari yo‘qmi, deyishingiz mumkin?
Bor. Amaldagi Qonunning 27-moddasi ikkinchi qismida, “Ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) mansabdor shaxslari, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar … iste’molchilarga tovarlar (ishlar, xizmatlar) to‘g‘risida axborot taqdim etmaganlik yoki bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etganlik … uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi”, deb belgilab qo‘yilib, Ma’muriy javobgarlik kodeksining 178-moddasiga havola beriladi.
Ma’muriy javobgarlik kodeksining mazkur moddasi yettinchi qismida “… iste’molchilarga tovarlar (ishlar, xizmatlar) to‘g‘risida axborot taqdim etmaganlik yoki bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etganlik … huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi” deb belgilab qo‘yilgan.
Bugun qonunchilikning shu normasi keng miqyosda va ommaviy ravishda qo‘llanilayaptimi? Yo‘q.
To‘g‘ri, ko‘pchilik muammolarning kelib chiqish sabablarini bu boradagi huquqiy bilimsizlik bilan ham bog‘laydi. Xususan, aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomamizda respondentlarning 25,5 foizi “Aholida iste’molchilik sohasiga oid bilimlarning yetishmasligi, bu borada yetarli darajada ta’lim berilmasligi”ni eng asosiy sabablardan biri qilib ko‘rsatganligi ham bejizga emas. Lekin bu yerda ana shu bilim va ta’lim olish huquqi Qonunda aks etganmi, degan savol ham tug‘iladi.
Afsuski, 1996 yilda qabul qilingan va bugun amalda bo‘lgan Qonunda iste’molchining bilim va ta’lim olish huquqi o‘z aksini topmagan. To‘g‘ri, keyinchalik Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 28 noyabrdagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 414-sonli qarorining 7-bandi bilan qonundagi ushbu yetishmovchilikni o‘rnini to‘ldirishga urinilgan deyish mumkin.
Lekin qonunning to‘laqonli bo‘lishi uchun ushbu normani nega qonunda alohida yoki prim modda sifatida aks ettirish mumkin emas?
Nega bu yerda bilim va ta’lim degan tushunchalarni alohida qo‘llayotganligimga to‘xtalsam. Rossiya qonunchiligida ushbu norma “pravo na prosvesheniya”, ya’ni “ma’rifatli bo‘lish huquqi” tarzida keltirilib, unga alohida modda ajratilgan va shu moddada iste’molchining ta’lim olishi davlat ta’lim standartlari va ta’lim dasturlariga tegishli talablarni kiritish yo‘li bilan, iste’molchining bilim olish huquqi esa tizimli ravishda ma’lumotlar berish yo‘li bilan ta’minlab berilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Rivojlangan davlat Janubiy Koreya qonunchiligida esa iste’molchining bilim va ta’lim olish huquqlari alohida beriladi. Ya’ni “tovar (ish, xizmatlar)ni tanlash bilan bog‘liq zaruriy bilim va ma’lumotga ega bo‘lish huquqi”, “iste’molchi sifatida samarali hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan ta’limni olish huquqi” sifatida keltirilib, tovardan samarali va oqilona foydalana olish bilimini ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan berilishi lozimligi, ta’lim esa tegishli ravishda davlat ta’lim standartlari, ta’lim dasturlari va tegishli tashkilotlar tomonidan berilishi ko‘rsatib o‘tiladi. Menimcha bu yerda Koreya modeli ma’qulroq.
Muammolarni kelib chiqish sabablarini o‘rganish bo‘yicha olib borgan tadqiqotlarimda, amaldagi Qonun bugungi kun talablariga to‘laqonli javob bera olayaptimi, degan savolga ham e’tibor qaratdim. Mutaxassislar bilan fikrlar almashdim. Aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada ham ularga ushbu savol bilan murojaat qilindi. Respondentlarning 48,1 foizi Qonun bugun kun talablariga to‘liq javob bera olmayapti, degan javob variantini belgilashlari uchun ham asoslar yetarli deb o‘ylayman. Nega? Keling misollarga to‘xtalaylik.
Qonunning birinchi moddasidayoq iste’molchi termini (unga berilgan ta’rif)ni o‘zi ayrim savollarni keltirib chiqaradi. Terminga berilgan ta’rifning asosida “foyda chiqarib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda” degan tushuncha yotadi. Yana yuqoridagi ta’rifda “fuqaro (jismoniy shaxs)”, deb doira yanada toraytiriladi. Ta’rifda “sotib oluvchi, shu niyatda bo‘luvchilar” bor, lekin amalda “foydalanayotganlar” yo‘q.
Rossiya qonunchiligida esa bunga “tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan holda” deb tushunarliroq va aniqroq yo‘nalish berilgan. Lekin ularda ham “grajdanin” (fuqaro) deb iste’molchilar toifasiga kiruvchilar doirasi biroz toraytirilgan. Lekin tovar (ish, xizmat)dan amalda “foydalanuvchilar” ham iste’molchi ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan. Koreya qonunchiligida esa doirani toraytiruvchi bunday tushunchani o‘zi yo‘q. Tovar (ish, xizmat)lardan foydalanuvchilarga iste’molchi deb ta’rif berilib, iste’molchilarning doirasi kengroq olinadi.
Bu bilan nima demoqchiman? Amaldagi qonunchilik talabidan kelib chiqilsa, o‘z ariza va shikoyatlari bilan turli idoralarga kelgan aksariyat odamlarni “Siz bu holatda iste’molchi emassiz”, degan vaj bilan qaytarib yuborish mumkin. Yana bu mening shaxsiy fikrim.
Qonunning ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi)ning majburiyatlari bilan bog‘liq 5, 6, 7, 8, 11-moddalaridagi majburiyatlarni bajarmaslik bilan bog‘liq holatlar uchun jarima nazarda tutiladi (27-modda). 14 (nuqsonli tovarni almashtirish), 15 (bepul ta’mirlash), 19 (ish bajarish, xizmat ko‘rsatishda shartnoma shartlari buzilishi)-moddalaridagi majburiyatlarni bajarmaslik esa neustoyka (penya) undirishga sabab bo‘ladi.
Amaldagi qonunchilikdan bizga ma’lumki, mazkur neustoyka (penya) summasi tovar bahosining 50 foiziga yetib borganda to‘xtaydi. Rossiya qonunchiligida ana shu neustoyka (penya) summasi tovar (ish, xizmat) bahosiga qadar qilib belgilangan.
Rossiya qoiunchiligiga “udovletvoreniya trebovaniy potrebitelya v dobrovol’nom poryadke”, ya’ni “iste’molchi talabini ixtiyoriy ravishda bajarilishi (qondirilishi)” shartligi to‘g‘risidagi norma kiritilgan bo‘lib, jarimani qo‘llashda barcha holatlarda ana shu normani bajarilmaganligi nuqtai nazaridan kelib chiqiladi. Bu esa ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi)ni iste’molchi talabini bajarmagandan ko‘ra, ixtiyoriy ravishda bajarish (qondirish)dan ko‘proq manfaatdor qiladi.
Shuning bilan birgalikda, Rossiya aholisida ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi)ga o‘z qonuniy talablarini yozma ravishda berish (*pretenziya – e’tiroz xati shaklida) odati shakllangan bo‘lib, bu qonuniy talab bildirilgan kun (soat, agar soatlarda belgilangan bo‘lsa)ni belgilab olishda asos vazifasini o‘taydi. Iste’molchi e’tiroz xati bergandan so‘ng ham talabi bajarilmasa, ushbu e’tiroz xatini ilova qilib iste’molchilik huquqlarini himoya qilish vakolatiga ega bo‘lgan idoralarga ariza, shikoyat beradi. Buning natijasida arizani ko‘rib chiquvchi tashkilotga ham neustoyka (penya)ni hisoblab chiqiladigan kun (soat, agar soatlarda belgilangan bo‘lsa)ni belgilab olish nuqtasi aniq va ravshan bo‘ladi.
Bizda esa aholi o‘z e’tirozini asosan og‘zaki ravishda bildiradi. Bir kun boradi, ikki kun boradi, bir oy qatnaydi, lekin e’tiroz xatini berishni o‘ylamaydi. Shu holatda yurib-yurib, biror idoraga ariza yoki shikoyat yoziladi. Albatta, bu o‘rinda aholimizni ayblashdan yiroqmiz, avvalambor ularga e’tiroz xatini qanday yozish o‘rgatilishi va uning afzalliklari tushuntirilishi kerak.
Qonun bo‘lar ekan, uning ijrosi ta’minlanmog‘i kerak. Buning uchun esa qonun normalarida jamoatchilik nazorati bilan bog‘liq normalarga keng o‘rin berilishi kerak. Amaldagi qonunimizda mazkur sohada amalda jamoatchilik nazoratini olib borayotgan iste’molchilarning jamoat birlashmalarining huquqlari va ularning qonun ijrosidagi o‘rinlarini belgilab beruvchi normalar yetishmayapti.
Amaldagi Qonunning 4-moddasida iste’molchilar jamoat birlashmalarini tuzishlari mumkinligi, 30-moddasida esa iste’molchilarning birlashmalari o‘z faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiruvchi jamoat birlashmalaridir, degan normalarni kiritilishi bilan cheklanilgan.
Muammolarni kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillardan yana biri bu inson omilidir. Birgina misol, bugungi kunga qadar kommunal sohada kelib chiqqan ko‘plab muammolarga inson omili sabab bo‘lgandi. Lekin bugungi kunda avtomatlashtirilgan tizimlarni keng joriy etilishi bu muammolarning ayrimlarini birin-ketin yo‘qqa chiqarmoqda.
Shuning birgalikda, avtomatlashtirilgan tizimlarni keng joriy etilishi bilan, bu sohada ham kelgusida turli muammolar kelib chiqishidan hech kim himoyalanmagan. Shunday holatda bunga “Komp’yuter dasturi aybdor”, deb o‘tirilmasligi kerak. Buning uchun hozirdan amaldagi qonunga Rossiya qonunchiligidagi kabi “vladeles agregatora”, ya’ni sinxron tarjima qilganda “ma’lumotlar yig‘uvchisi” tushunchasi kiritilishi lozim.
Men tadqiqot doirasida iste’molchilik sohasiga oid muammolarning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan eng asosiy omillardan “monopoliyalar”, “xufyona iqtisodiyot” va boshqa shu kabi juda ko‘pchiligimizga tushunarli bo‘lgan holatlarga alohida to‘xtalib o‘tirmadim. Zero, bunday salbiy illatlarning yo‘q bo‘lib ketishiga sog‘lom raqobat muhitini yaratilishining o‘zi kifoya qiladi.
Xulosa va takliflar
– iste’molchining ma’lumot olish huquqi ta’minlab berilishi bajarilishi shart bo‘lgan normaligidan, ma’lumot berilmasligi yoki yetarli darajada berilmasligi kundalik turmushda turli muammolarni keltirib chiqarayotganligidan kelib chiqib, tegishli idoralar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi o‘z majburiyatlarini bajarmayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga bu borada ta’sirchan huquqiy mexanizmlar borligi to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borish, lozim o‘rinlarda ta’sir choralarini qo‘llash;
– muammolarni kelib chiqishi sabablaridan biri bo‘lgan huquqiy bilim yetishmasligini bir qadar bartaraf etish, bu borada ijobiy natijalarga erishish maqsadida qonunga iste’molchilarning bilim va ta’lim olish huquqlarini belgilab beruvchi normalarni kiritish;
– kelgusida aholining, shuningdek iste’molchilarga tovarlar sotayotgan (xizmatlar ko‘rsatayotgan) sub’ektlarning huquqiy bilimlari oshib borishi jarayonida turli tushunmovchiliklar kelib chiqmasligi uchun, qonundagi iste’molchi ta’rifini Rossiya qonunchiligidagi ta’rif shakliga keltirish (yoki agar ularning doirasini kengaytirish lozim bo‘lsa, Koreya qonunchiligida keltirilgan ta’rifni berish);
– qonunbuzilishi holatlari sodir etilganligi uchun katta-katta miqdorda jarimalar qo‘llash amaliyotidan voz kechgan holda, Rossiya qonunchiligidagi kabi iste’molchi talabini ixtiyoriy ravishda bajarish (qondirish) shartligi bo‘yicha normalar bilan boyitib, tovar bahosi miqdorida jarima qo‘llash amaliyotini kiritish, shuningdek talablarni bajarish kechiktirilgan kun (soat)lar uchun hisoblab boriladigan neustoyka (penya) summasini ham tovar bahosiga teng miqdorgacha qilib belgilash;
– iste’molchilarning ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri biror idoraga shikoyat qilish huquqini istisno etmagan holda, ular o‘rtasida birinchi navbatda ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi)ga o‘z e’tirozlarini, qonuniy talablarini og‘zaki bildirish emas, balki yozma, e’tiroz xati shaklda bildirilishining qulaylik va afzalliklari to‘g‘risida tushuntirishlar olib borib, buni odatiy hol tusiga aylantirish (buning da muammoni eng quyida hal qilish uchun bizning nazarimizdan chetda qolayotgan kattagina imkoniyat yashiringan);
– Rossiya (“Gosudarstvennaya i obshestvennaya zashita prav potrebiteley” – “Iste’molchilar huquqlarini davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan himoya qilinishi”) va Koreya qonunchiliklarida (“Consumer organisations” – “Iste’molchilar tashkilotlari”) iste’molchilarning jamoat birlashmalari uchun alohida moddalar ajratilib, ularning huquq va vakolatlari yuzasidan aniq va tiniq tushuntirishlar berib o‘tilganligini inobatga olib, amaldagi Qonunga tegishli qo‘shimchalarni kiritish;
– shiddat bilan rivojlanib borayotgan avtomatlashtirilgan tizimlar u bo‘yicha qonunga tegishli normalar kiritilishini ham talab qilishini e’tibordan chetda qoldirmaslik. Xususan, “ma’lumotlar yig‘uvchisi” termini (boshqacha atalishi ham mumkin) qonunning 1-moddasidagi asosiy tushunchalarga kiritilishi hamda ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, xizmat ko‘rsatuvchi)larning tegishli majburiyatlari ko‘rsatilgan barcha moddalarda va o‘rinlarda ko‘rsatib o‘tilishi kerakligiga e’tibor qaratish.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Muammolarning sabablari nega Eshmat, Toshmat duch kelgan muammo misolida emas, balki qonunchilikdan qidirilmoqda? Chunki avvalambor, qonun mustahkam va pishiq bo‘lishi, bugungi kun talablariga to‘liq javob bera olishi kerak. Shunda ko‘plab muammolar ham o‘z-o‘zidan yechimini topib ketadi.
Men tadqiqot doirasida olib borilgan ishlarga o‘zlarining amaliy yordamlarini ko‘rsatgan tashkilotlarga, shuningdek o‘zlarining beg‘araz maslahatlarini bergan mutaxassislariga o‘zimning samimiy minnatdorchiligimni izxor qilaman.
Takrorlash bo‘lsa ham bir narsaga urg‘u berib o‘tishni hohlardim. Biz – ishchi, xizmatchi, o‘quvchi, o‘qituvchi, deputat, prokuror, harbiy xizmatchi, qo‘yingki kim bo‘lishimizdan qat’iy nazar, barchamiz iste’molchimiz. Zero, barchamiz iste’molchi ekanmiz, demak bu boradagi ishlarning naqadar to‘g‘ri tashkillanishi va samarador bo‘lishidan barchamiz manfaatdormiz.
*pretenziya (e’tiroz xati) – bu iste’molchining yozma murojaati bo‘lib, u erkin ravishda yoziladi va iste’molchining yuzaga kelgan holat bo‘yicha o‘z e’tirozlarini hamda mazkur holatni bartaraf etilishi bo‘yicha qonuniy talablarini o‘z ichiga oladi.
G‘ayrat Mamatqulov
Mustaqil tadqiqotch
Post Comment