“O’qituvchilar malakasini oshirish – bu boradagi muhim o’zgarishlar” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi

“O’qituvchilar malakasini oshirish – bu boradagi muhim o’zgarishlar” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi

Bugun viloyat xalq ta’limi boshqarmasida “O’qituvchilar malakasini oshirish – bu boradagi muhim o’zgarishlar” mavzuida OAV xodimlari, jurnalistlar va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda kun tartibidagi masala yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov, Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi mas’ul xodimlari atroflicha tushuntirishlar berib o‘tdilar.

Ta’kidlandiki, xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish, ulardagi kasb mahorati va malaka saviyasining doimiy o‘sishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy talablarga muvofiq qayta tayyorlash va muntazam ravishda malaka oshirib borishning samarali mexanizmlarini joriy etish asosida mazkur xodimlarning yuqori saviyadagi uzluksiz kasbiy tayyorgarligini ta’minlashga qaratilgan.

Endilikda xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari, malaka oshirish faoliyati bilan shug‘ullanadigan nodavlat ta’lim muassasalariga ham berilmoqda. Bu esa sohada sog‘lom raqobatni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ilgari xalq ta’limi xodimi har besh yilda bir marotaba 144 soatlik dastur asosida malaka oshirgan bo‘lsa, pedagog xodimni uzluksiz kasbiy rivojlantirishni ko‘zda tutuvchi yangi tartibga ko‘ra, u har yili 36 soatlik dastur asosida malaka oshiradi. E’tiborlisi, unga pedagog-xodimlar malakasini oshirish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ta’lim muassasalarini erkin tanlash huquqi ham berilmoqda.

Xodimning belgilangan muddatda malaka oshirish kurslaridan uzrli sabablarsiz o‘tmaganligi u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini, amal qilish muddatidan qat’iy nazar, belgilangan tartibda ikki oy mobaynida bekor qilinishiga sabab bo‘ladi.

Uzluksiz kasbiy rivojlantirishning shakllari sifatida ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim olish; ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim olish; masofaviy ta’lim; dual ta’lim; mustaqil ta’lim; malaka oshirishning muqobil shakllaridan foydalaniladi.

Malaka oshirishning muqobil shakllari sifatida darslikka mualliflik qilish; doktorlik ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyani himoya qilish; xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlarda ma’ruza bilan ishtirok etish; ilmiy tadqiqot natijalari asosida xalqaro indeksatsiyalangan bazalarda (Scopus, Web of Science) e’tirof etilgan jurnallarda maqola nashr etish kabi faoliyatlar ham hisobga olinadi.

Hududiy birlashma Axborot xizmati

Post Comment