Avtomobil uchun to‘langan summadan qaytarilishi lozim bo‘lgan farq summasi iste’molchining bank kartasiga tushirib berildi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasida Furqat tumani Jangketmon qishlog‘ida yashovchi R.N. ning avtosalondan xarid qilingan avtomobil bo‘yicha ishlab chiqaruvchi korxona bilan o‘zaro hisob-kitoblarga taalluqli masalada Federatsiyaning telegram botiga qilgan murojaati o‘rganildi.
Murojaatchiga ko‘ra, u Farg‘ona shahridagi OOO «AUTO-CENTRE-FARGONA» bilan 21.05.2022 yilda shartnoma tuzib, unga asosan LACETTI L-COMFORT PLUS rusumdagi avtomobilni xarid qilish uchun 128 284 000 so‘m to‘laydi. Avtomashina iste’molchiga yetkazib berilgan 2022 yilning dekabr oyida u turmush o‘rtog‘i N.G‘. ga notarial tasdiqlangan ishonchnoma beradi va avtomobil N.G‘. tomonidan qabul qilib olinadi. Avtomobilni qabul olinayotgan vaqtda iste’molchiga ishlab chiqaruvchi tomonidan yetkazib berilgan avtomobildagi tormoz sistemasi avtomatik (ABS) emas, mexanik o‘rnatilgan shaklda kelganligi iste’molchiga tushuntirilib, uning avtomobilni shunday tarkibda qabul qilib olishga roziligi olinadi. Ushbu jarayonda tormoz qismiga mexanik tizim o‘rnatilishi natijasida iste’molchi foydasiga 971 000 so‘m farq yuzaga kelganligi va iste’molchiga qaytarilishini tasdiqlanib solishtirish dalolatnoma rasmiylashtiriladi va haqdorlikni tasdiqlovchi ushbu dalolatnomadan nusxa unga taqdim qilinadi. Iste’molchi ana shu asoslarda o‘ziga qaytarilishi lozim bo‘lgan mablag‘ xususida ishlab chiqaruvchi korxonaga murojaat qilgan bo‘lsada, masala shu kunga qadar to‘liq hal bo‘lmasdan kelgach, ushbu masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Federatsiya telegram botiga murojaat yo‘llaydi.
Iste’molchi murojaati OOO «AUTO-CENTRE-FARGONA» mas’ul xodimlari ishtirokida o‘rganilishi jarayonida, avtosalon tomonidan yuzaga kelgan holatda iste’molchining haqdorligini tasdiqlovchi dalolatnoma rasmiylashtirib berilganligi, masalani hal qilish maqsadida «UzAuto Motors» AJ rahbari nomiga ABS pulini mijozning hisob raqamiga qaytarilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab aloqa xati ham kiritilganligi qayd qilindi.
Murojaatni o‘rganish ishlari doirasida avtosalon tomonidan iste’molchining ishlab chiqaruvchi korxona maxsus hisob raqamiga to‘lagan summasidan uning foydasiga hisoblangan farq summani qaytarilishi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar to‘planib, «UzAuto Motors» AJga yuborilishiga va o‘rganish yakunlari bilan 971 000 so‘m pul mablag‘ini iste’molchi plastik kartasiga qaytarilishiga erishildi.
Faxriddin Boynazarov,
hududiy birlashma sektor boshlig‘i
(illyustrativ foto)
Post Comment