Ta’lim olish uchun yaratilgan sharoitlar hamda sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish borasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar o‘rganildi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va Farg‘ona viloyat hokimligi o‘rtasida imzolangan jamoatchilik nazorati tadbirlarini o‘tkazish rejasi asosida davlat, nodavlat va xususiy ta’lim muassasalarida ta’lim olish uchun yaratilgan sharoitlar hamda sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish borasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar holati hamda bu borada tegishli qarorlar ijrosining ta’minlanishi jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganildi.
Tanlama asosda viloyat hududidagi 135 ta ta’lim muassasasi, jumladan 41 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari, 13 ta davlat xususiy sherikchilik asosidagi ta’lim muasasalari, 81 ta umumta’lim maktablari ko‘rilganda, 19 ta holatda qonunchilikning tashkilot to‘liq nomi va joylashgan (yuridik) manzili haqida iste’molchini xabardor qilish lozimligi bo‘yicha talablarning to‘laqonli ijrosi ta’minlamaganligi qayd qilindi. O‘rganilgan ta’lim muassasalarining 78,8 foizida pulli asoslarda (shuningdek bepul yoki imtiyozli asoslarda) ko‘rsatiladigan xizmatlar to‘g‘risida ma’lumotlar iste’molchilar tanishishi uchun qulay joylarga o‘rnatilmagan.
O‘rganilgan 10 ta ta’lim muassasasida ta’lim oluvchilarga sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish uchun sharoitlar talab darajasida tashkillanmagan, zaruriy dori-darmon vositalari assortimentini saqlab turish maqsadida ayrim ta’lim muassasalarining tibbiy xizmat ko‘rsatish xonalarida ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan yoki yaroqlilik muddati o‘tgan dori-darmon vositalarini ham saqlab kelinayotganligi kuzatilib, o‘rganish kunini o‘zida ularni iste’moldan olindi.
Ta’lim (o‘quv, kasbga o‘rgatish, sport) xonalarida, shuningdek ta’lim muassasasi hududida ta’lim oluvchilar hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki va atrof-muhit uchun xavf tug‘diruvchi omillarning mavjudligini o‘rganilishi davomida foydalanilayotgan o‘quv jixozlari hamda dastgohlari joriy holati bo‘yicha 10 ta, sport inshootlari va jixozlarining ta’mirtalabligi holati bo‘yicha 11 ta, eshik-deraza, pollar va mebellarda ta’mirtalablik holatlari 7 ta, mashg‘ulotlar o‘tiladigan, shuningdek ta’lim maskanining o‘quvchi (tarbiyalanuvchi)larni unga yetib borish imkoniyati bo‘lgan boshqa joylarida kommunal (elektr, gaz va b.) tarmoqlardan xavfsiz foydalanish talablariga e’tiborsizlik bilan qarash holatlari bo‘yicha 9 ta ta’lim muassasasida salbiy holatlar kuzatilib, ulardan joyida bartaraf etish mikoniyati bo‘lgan kamchiliklarni o‘rganish o‘tkazilgan kun davomida bartaraf etilishi choralari ko‘rildi, qolganlarini esa tezkorlikda bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rish bo‘yicha mas’ullarga ogohlantirishlar berildi.
O‘rganishda chiqindi tashlash va to‘plash joylarining talabga javob bermasligi holatlari 10 ta ta’lim muassasalarida, chiqindilarni olib ketilishining davriyligiga amal qilinmasligi oqibatida ularni to‘planib qolish holatlari esa 25 ta ta’lim muassasalarida qayd qilingan.
Tanlama asosda o‘rganilgan ta’lim muassasalarining 24 tasida bolalarning ovqatlanishiin tashkil etish autsorsing usulida tashkillanganligi, qolganlarida esa tadbirkorlik sub’ekti va ta’lim muassasasi o‘rtasidagi shartnoma asosida yo‘lga qo‘yilganligi, o‘rganilgan muassasalardan 8 tasida oshxona faoliyati yo‘lga qo‘yilmaganligi kuzatildi.
Ta’lim muassasalarining oshxonalarida 42,9 foiz holatda ularni yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar haqida, 31,9 foiz holatda esa ular tomonidan sotilayotgan tovarlar (ko‘rsatilayotgan xizmatlar) haqidagi ma’lumotlarni qonunchilik talablariga mos ravishda iste’molchilar tanishish uchun qulay joylarga o‘rnatilmaganligi qayd qilindi. Shuningdek, ularning 41 tasida sotilayotgan tovarlarda sertifikatlari mavjud bo‘lishi, o‘lchov asboblarining mavjudligi va qiyoslov ko‘rigidan o‘tgan bo‘lishi lozimligi holatlari bo‘yicha salbiy holatlar kuzatilgan.
Qonunchilikka ko‘ra, tovar (ish, xizmat)lar iste’molchilar hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki va atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishi lozim, ularning xavfsiz bo‘lishiga doir talablar esa qonunchilik bilan belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021 yil 32-hisob raqami bilan ro‘yxatga olingan “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlari”ning 8-ilovasiga ko‘ra, “Umumta’lim muassasalarida ruxsat etilmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlari ro‘yxati” tasdiqlangan bo‘lib, ro‘yxatga 38 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari kiritilgan. O‘rganishlar oshxonalarni yuritayotgan aksariyat xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar aynan ana shu oziq-ovqat mahsulotlari (xususan fast fud, sun’iy ta’m, hid beruvchi moddalar, bo‘yoqlar, aromatizatorlar qo‘shilgan qandolatchilik mahsulotlari, sun’iy konservantlari bor mahsulotlar (kirieshki, xrustyashki, chipslar, rangli va rangsiz gazlangan ichimliklar va b.) bilan savdo qilayotganligini ko‘rsatmoqda. Shuning bilan birgalikda, oziq-ovqat tovarlarida ularning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati hamda ularni saqlash shartlari ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim bo‘lib, 23 ta holatda ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan, 15 ta holatda esa yaroqlilik muddatlari o‘tgan mahsulotlar bilan savdo qilish kuzatilgan. Shuningdek, 19 ta holatda oshxonada sanitariya-gigiena talablariga to‘laqonli rioya qilinmasligi, 20 ta holatda esa sog‘lom ovqatlanish tizimida band bo‘lgan xodimlardan ayrimlarining tibbiy ko‘rikdan o‘tish davriyligiga amal qilmaganligi qayd qilingan.
O‘rganish ishlari davomida ta’lim muassasalari rahbar va mas’ul xodimlari ko‘rsatib o‘tilgan qonunbuzilishi holatlari va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ogohlantirilib, o‘rnida bartaraf etish imkoniyati bo‘lgan barcha kamchiliklar o‘rganish ishlari o‘tkazilishi jarayonini o‘zida bartaraf qilindi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha tegishli davlat boshqaruvi idoralariga ma’lumotnomalar kiritildi.
Post Comment